Rossiya Yaponiya TIV rahbarining mamlakatga kirishini taqiqladi

Olam

image

Rossiya to‘qqiz nafar Yaponiya fuqarosiga, jumladan, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya, Yaponiyaning Ukrainadagi elchisi Masasi Nakagome va sobiq elchi Kuninori Matsudaga mamlakatga kirishni taqiqladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, kirish taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga quyidagilar ham kiritildi:

  • Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Syoxey Xara;
  • JICA'ning Ukrainadagi ofisi rahbari Xideki Matsunaga;
  • IHI Corporation prezidenti Xirosi Ide;
  • ISUZU Motors Limited prezidenti Sinsuke Minami;
  • Prodrone prezidenti Syunsuke Toya;
  • Cyberdyne prezidenti Yosiyuki Sankay.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni Yaponiya tomonidan Moskvaga qarshi davom etayotgan sanksiyaviy choralariga javob sifatida qabul qilinganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, JICA Ukrainada favqulodda tiklash dasturlarida ishtirok etmoqda. IHI korporatsiyasi mamlakatdagi zarar ko‘rgan yo‘llar va ko‘priklarni tiklash loyihalarida qatnashishni rejalashtirgan edi. ISUZU esa tiklash ishlari uchun yuk mashinalari yetkazib berishni maqsad qilgan. Prodrone yer ustidagi minalarni dronlar yordamida aniqlash bo‘yicha loyiha ishga tushirgan, Cyberdyne esa JICA dasturlari doirasida Ukrainada reabilitatsiya ishlari uchun robotlashtirilgan ekzokostyumlar yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan edi.

Qayd etish joiz, joriy yilning yanvar oyida Yaponiya 11 nafar rossiyalik jismoniy shaxs, 29 ta tashkilot va uchta bankka qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Ushbu ro‘yxatga ALROSA bosh direktori Pavel Marinichev, “Rostex” birinchi bosh direktor o‘rinbosari Vladimir Artyakov, Moskva issiqlik texnikasi instituti, Qozon porox zavodi, TSMR banki, RFK banki, Timer bank va boshqa tashkilotlar kiritilgan.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Yaponiya Moskva uchun “do‘stona bo‘lmagan” pozitsiyani egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga nisbatan sanksion bosimni yumshatish bo‘yicha reja ishlab chiqayotgani xabar qilingandi. Bu ikki tomonlama munosabatlarni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Oq uy AQSH Davlat departamenti va Moliya vazirligiga qaysi sanksion cheklovlarni yumshatish mumkinligini aniqlash bo‘yicha ro‘yxat tayyorlashni topshirgan. Ushbu ro‘yxat yaqin vaqt ichida Rossiya tomoni bilan muhokama qilinishi va ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik hamda iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratilgan muzokaralar doirasida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yaponiya taqiq Masasi Nakagome

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing