Rossiya yana harbiy samolyotidan ayrildi
Olam
−
01 iyul 15608 2 daqiqa
Bugun, 1 iyul kuni Rossiyada joriy yil boshidan beri uchinchi bor harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyot qulab tushdi. Bu safar halokatga uchragan samolyot – Su-27 rusumidagi ko‘p maqsadli, og‘ir to‘rtinchi avlod yuqori tezlikdagi qiruvchi samolyoti. Bu haqda “The Moscow Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, halokat Nijegorod viloyatining Kulebaki shahri yaqinidagi Veletma posyolkasidan 10 km uzoqlikda, o‘rmon hududida yuz bergan. Ushbu joy yaqinida Rossiya Mudofaa vazirligining 4-Davlat aviatsiya tayyorgarlik markazining filiali joylashgan.
Samolyotda ikki nafar uchuvchi bo‘lgan. Ularning ikkalasi ham katapulta yordamida qutulishga ulgurgan. Mahalliy manbalar xabariga ko‘ra, halokat joyida yong‘in o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
“Baza” xabariga ko‘ra, katapulta qilgan uchuvchilardan biri topilgan, ikkinchisini esa qidiruv ishlari davom etmoqda. “Mash” esa samolyot o‘quv-parvoz bajarayotganini, bortida qurol-aslaha yo‘qligini ta’kidlagan. Hozirda Viksunskiy tumanida qidiruv operatsiyasi olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Su-27 samolyoti 1990 yilda SSSR qurolli kuchlariga qabul qilingan va raketa-bomba zarbalari uchun mo‘ljallangan, shu jumladan, taktik yadroviy qurollar tashuvchisi sifatida ham xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyi boshida Rossiyaning Irkutsk viloyatida Tu-22M3 rusumidagi strategik bombardimonchi samolyoti qulab tushgandi. O‘shanda bir nafar uchuvchi halok bo‘lgan, to‘rt kishi tirik qolgan. Halokatga sabab texnik nosozlik bo‘lgan. Mart oxirida esa Primore o‘lkasida Su-25 samolyoti halokatga uchragandi. U ham o‘quv parvozni bajarayotgan bo‘lgan. Ikki dvigatel bir vaqtning o‘zida ishdan chiqqan, pilot esa omon qolgan.
Live
Barchasi