Rossiya WSJ jurnalisti Evan Gershkovichni AQSHga qaytarib berdi
Olam
−
01 avgust
4683Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich bugun, 1 avgust kuni mahbuslar almashinuvi doirasida AQSHga qaytarildi. Bu haqda WSJ xabar berdi.
7 ta davlatdan 26 mahbusni almashish bo‘yicha operatsiyaga Turkiya Milliy razvedka tashkiloti vositachilik qilgan. Razvedka xizmati vakillarining aytishicha, almashuvda Rossiya, Belarus, AQSH, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan. 10 kishi Rossiyaga jo‘natilgan, ulardan ikki nafari bola. Yana 13 kishi Germaniyaga, 3 kishi AQSHga topshirilgan.
Mahbuslar Turkiyaga 7 ta samolyotda yetkazilgan: ulardan ikkitasi AQSHdan, bittadan Germaniya, Polsha, Sloveniya, Norvegiya va Rossiyadan kelgan.
Ayirboshlashlanganlar orasida Gershkovichdan tashqari AQSH piyoda qo‘shinlarining sobiq harbiy xizmatchisi Pol Uilan, Belarusda o‘limga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Kriger, rossiyalik siyosatchi Ilya Yashin va FSB xodimi Vadim Krasikov bor edi.
Ushbu operatsiya AQSH, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi so‘nggi yillardagi eng keng qamrovli garov almashinuvi sifatida tarixga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sverdlovsk viloyat sudi amerikalik “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovichni 16 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilgandi. Shuningdek, Gershkovich AQSHga qaytarilishi haqida xabar berilgandi.