Rossiya Vinnitsaga dahshatli raketa hujumi uyushtirdi (fotoreportaj)

Olam

image

 Rossiya Ukraina markazidagi Vinnitsa shahriga raketadan zarba berdi. Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenkoning ma’lum qilishicha, shaharga hujum oqibatida Kamida 20 kishi, jumladan, uch bola qurbon bo‘ldi. Bu haqda BBC yozmoqda.

Yaradorlar va jarohatlanganlar soni ham ochiqlangan – hozirgacha 90 nafarga yaqini ma’lum.

Raketa zarbasi mahalliy vaqt bilan soat 10:45 da amalga oshirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchta raketa ofis binosi, Ofitserlar uyi, turar-joy binolari va “Yubileyniy” maishiy xizmat ko‘rsatish uyi yaqinidagi avtoturargohga kelib tushgan.

“Yong‘in yetib kelgan joyda sodir bo‘lgan, yong‘in avtoturargohga o‘tgan. Hozirda u yerda 50 ga yaqin avtomobil yonmoqda. Qutqaruvchilar yong‘inni o‘chirish ustida ishlamoqda”, deyiladi shahar kengashi xabarida.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignatning aytishicha, Vinnitsaga hujum “Kalibr” qanotli raketalari yordamida amalga oshirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar Qora dengizdan suv osti kemasidan uchirilgan, ikkita raketa Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

Prezident Zelenskiy Vinnitsaning o‘qqa tutilishini “ochiq terrorchilik harakati” deb atagan.

“Rossiya tinch aholini yo‘q qilyapti, ukrainalik bolalarni o‘ldiryapti, har kuni hech qandan harbiy ob’ekt bo‘lmagan fuqarolik ob’ektlariga raketalar yo‘naltiryapti. Bu ochiq terrorchilik harakati bo‘lmasa, nima? Ular odam emas. Qotil mamlakat. Terrorchi davlat”, deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Rossiya hukumati va Qurolli Kuchlari vakillari har doim fuqarolik ob’ektlariga hujum qilish ayblovlarini muntazam rad etib kelyapti va bunday zarbalar nishoni harbiy infratuzilma ekanligini da’vo qilyapti.

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Vinnitsadagi vayronagarchilik suratlarini chop etishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

606

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing