Rossiya viloyatlariga dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
10 may 2023
17916Rossiya Federatsiyasining Belgorod, Kursk va Voronej viloyatlariga dron hujumi uyushtirildi. Bu haqda viloyatlar gubernatorlari ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qilgan.
“Tunda Novooskolskiy okrugidagi Olxovatka qishlog‘ida portlash yuz berdi – dushmanning uchuvchisiz samolyoti portladi. Ikkita turar-joy binosi, kutubxona, pochta, bitta mashina shikastlangan”, deya post qoldirgan Belgorod viloyat rahbari Vyacheslav Gladkov VKontakte'dagi sahifasida.
Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoyt esa Kursk shahri yaqinida havo hujumidan mudofaa tizimining ishga tushgani va dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.
“Dron qoldiqlari Tolmachevo qishlog‘ida qulab tushdi”, deb yozgan viloyat rahbari o‘zining Telegram-kanalida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q, gaz quvuri va uyning old qismi shikastlangan, xolos. Voqea joyiga favqulodda xizmatlar yetib borgan.
Voronej viloyatida esa ikkita uchuvchisiz samolyot bilan harbiy ob’ektga hujum qilishga urinish bo‘lgan. Qurilmalardan biri "ta’sir choralari natijasida" yo‘ldan chetga chiqqan, ikkinchisi esa yo‘q qilingan.
“Huquq-tartibot idoralari va harbiy qo‘mondonlik bilan o‘zaro hamkorlik davom etmoqda. Xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar majmui amalga oshirilmoqda”, deb yozgan viloyat rahbari Aleksandr Gusev o‘zining Telegram-kanalida.
Baza Telegram-kanalining yozishicha, dronlar tunda harbiy poligonga hujum qilgan. Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan ikkita qurilma ob’ektga uchib kelib, qulashi bilan portlab ketgan, oqibatda taxminan 14 askar yaralangan.
Bundan tashqari, Baza kecha, 9 may kuni Voronej viloyatidagi harbiy aerodrom yaqinida noma’lum samolyot urib tushirilgani haqida xabar bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ob’ekt 500 m balandlikda uchayotgan bo‘lgan. Kechga yaqin uning bo‘laklari mahalliy qabriston yonidan topilib, ekspertiza uchun yuborilgan.
LiveBarchasi