Rossiya va Ukraina yetakchilar uchrashuvi bo‘yicha kelishib oldi – Turkiya TIV

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Istanbuldagi muzokaralarning uchinchi raundida Rossiya va Ukraina ikki davlat rahbarlarining Turkiyada uchrashishi“bo‘yicha “prinsipial kelishuvga erishganini” aytdi. Bu haqda vazir kecha, 25 iyul kuni Turkiyaning NTV telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

23 iyul kuni Istanbulda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

“Uchrashuvda liderlarning qanday va qaysi sharoitda uchrashishi muhokama qilindi. Liderlar sammitini Turkiyada o‘tkazish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishildi. Bu yerda muzokara o‘tkazuvchi guruhlar muhim rol o‘ynaydi”, dedi Fidan.

U bunday sammit qachon bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida hech qanday sanani aytmadi.

“Biz bu masalani yanada muvozanatli muhokama qilishda davom etar ekanmiz, men uchrashish istagini ko‘rmoqdaman. Agar xuddi shu ruhda davom etsak, vaqtinchalik yechim paydo bo‘lishiga ishonaman. Hamma ham bu taklifni qabul qilishga tayyor emas. Buning uchun sharoit yaratish ustida ishlayapmiz”, deya qo‘shimcha qildi Turkiya TIV rahbari.

Istanbuldagi muzokaralarning uchinchi raundidan so‘ng Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvni avgust oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 24 iyul kuni bu ssenariyni dargumon deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit tinchlik muzokaralari yakunida, “bu muzokaralar natijalari qayd etilishi uchun barcha ishlar amalga oshirilgan”dagina mumkin bo‘ladi.

Biroq 25 iyul kuni Zelenskiyning o‘zi rossiyaliklar “endi suhbatlarda bu haqda gapira boshlaganini, bu allaqachon qandaydir uchrashuv formatiga o‘tish ekanligini” aytdi. Bunga javoban Peskov yana avgust oyida sammit bo‘lmasligini aytdi, chunki “yuqori darajadagi uchrashuv kelishuvga yakuniy nuqta qo‘yishi mumkin va kerak”.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rossiyalik va amerikalik mavqedoshlari Vladimir Putin va Donald Tramp bilan Ukrainadagi mojaro bo‘yicha Istanbulda uchrashish imkoniyatini muhokama qilish uchun telefon orqali muloqot o‘tkazish rejasini ma’lum qilgandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa kecha, 25 iyul kuni Oq uyning janubiy maysazorida jurnalistlar bilan suhbatda Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Rossiya Turkiya Vladimir Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy Xoqon Fidan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing