Kreml Putin va Zelenskiy uchrashuvi uchun shartlarni ma’lum qildi
Olam
−
24 iyul 10056 3 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar mazmunli bo‘lishi kerak va har tomonlama tayyorgarlikdan so‘nggina ikki davlat rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 24 iyul kuni ma’lum qildi.
Kecha, 23 iyul kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning uchinchi raundi yakunlarini sharhlar ekan, matbuot kotibi Kreml maslahatlashuvlarning navbatdagi raundidan muvaffaqiyat kutmaganini ta’kidladi.
“Biroq, gumanitar kun tartibini muhokama qilish faktini, shuningdek, Rossiyaning onlayn muloqot formati uchun ishchi guruhlarini yaratish taklifini ijobiy baholash kerak”, dedi u.
Peskov Rossiya tomoni o‘ziga xos va mazmunli kun tartibini taklif qilganini, endi asosiy e’tiborni konstruktiv ishlarga qaratish muhimligini ta’kidladi.
“Rossiya va Ukraina Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvi haqida suhbat faqat jiddiy ishlar amalga oshirilgandan keyingina o‘tkazilishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bunday uchrashuvni avgust oyi oxirigacha o‘tkazish imkoniyatini izohlar ekan, Peskov zarur tayyorgarlik hajmini hisobga olib, “bu masofani bir sakrashda qanday bosib o‘tishni” tasavvur qilish qiyinligini aytdi.
Bundan tashqari, Peskov Kreml “Ukraina hududida ushlab turilgan tinch aholi” taqdiridan xavotirda ekanini aytdi.
“Ularning ko‘plari amalda garovda qolmoqda”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari “Rossiya hududi xavfsizligini ta’minlash uchun Ukraina bilan chegarada bufer zonalar yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”.
G‘arb davlatlari bilan o‘zaro aloqalar haqida gapirar ekan, Kreml vakili, agar kerak bo‘lsa, Vashington bilan aloqani zudlik bilan tashkil qilish mumkinligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoyda bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuvi bo‘yicha aniq muhokamalar o‘tkazilmaganini aytdi.
“Kremlda Oq uyning amaldagi rahbarining Xitoyga borish rejalari haqida ham ma’lumot yo‘q”, dedi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyul kuni Istanbulda Rossiya Federatsiyasi bilan tinchlik muzokaralarida qatnashgan Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kiyev Rossiya tomoniga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni avgust oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilganini aytgandi.
AQSH va Rossiya Prezidentlarining uchrashuvi haqida esa Britaniyaning “The Times” gazetasi Donald Tramp sentyabr oyi boshida Xitoy rahbari Si Szinpin va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Pekinga taklif qilinishi mumkinligini xabar qilgandi. Peskovning o‘zi ham Tramp kuzda Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan Xitoyga tashrif buyursa, u yerda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligini aytgandi. Tramp esa 22 iyul kuni filippinlik mavqedoshi kichik Ferdinand Markos bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yaqin kelajakda Xitoyga tashrif buyurishi mumkinligini tan oldi, biroq u yerda Putin uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini na inkor etdi, na tasdiqladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr