Rossiya va Ukraina Turkiyada muzokara o‘tkazadi
Olam
−
14 aprel
2742Joriy yilning 15-16 aprel kunlari Turkiya poytaxti Anqara shahrida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari vakillarining Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib, CNN Turk xabar berdi.
Nashr uchrashuvda aynan kimlar ishtirok etishi va u to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ladimi yoki Ummondagi Eron-AQSH muzokaralari kabi bilvositami, bunga aniqlik kiritmagan. Moskva va Kiyev ham ushbu uchrashuvga o‘z vakillarining tashrifi haqida rasman xabar bermagan. Yil boshidan buyon tomonlar vositachilar orqali muzokaralar olib bordi.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish munosabati bilan Qora dengizdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha uchrashuv 15-16 aprel kunlari Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi shtabida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy davlatlarning harbiy vakillari ishtirok etadi, Qora dengizda tinchlikni saqlash uchun harbiy rejalashtirishning harbiy-dengiz jihati muhokama qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-25 mart kunlari AQSH vakillari Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi. AQSH va Rossiya delegatsiyalarining Ar-Riyoddagi muzokaralari chog‘ida Qora dengizda xavfsiz yuk tashishni ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga Mudofaa vaziri Rustam Umarov va Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Pavlo Palisa boshchilik qilgan. Rossiya Federatsiyasi tomonidan Buyuk Britaniyadagi sobiq elchi Grigoriy Karasin va Rossiya FXX direktori maslahatchisi Sergey Beseda ishtirok etgan. AQSH delegatsiyasi tarkibi rasman e’lon qilinmagan.