Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Istanbulga yetib bordi
Olam
−
02 iyun 2025 5015 2 daqiqa
Rossiya delegatsiyasi kecha, 1 iyun kuni, Ukraina delegatsiyasi esa bugun, 2 iyun kuni muzokaralar olib borish uchun Istanbulga yetib bordi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Georgiy Tixiy ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, uchrashuv kunning ikkinchi yarmiga belgilangan.
May oyida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalarini uch yildan so‘ng bir stolda to‘plagan Turkiya bugun, 2 iyun kuni Istanbulda yana muzokaralar tashkil qiladi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda. Ukraina tomoniga Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchilik qilmoqda. Uchrashuv yopiq formatda o‘tkaziladi.
Rossiya delegatsiyasi o‘z memorandumini Ukraina tomoniga topshirishga va unga “zarur tushuntirishlar” berishga tayyor. Ukraina tomoni o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishi va yetakchilar darajasidagi uchrashuv masalasini kun tartibiga qo‘yishi kutilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 16 may kuni Istanbuldagi Dolmabaxche qarorgohida bo‘lib o‘tdi. To‘qnashayotgan tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi 2 iyun kuni Turkiya vaqti bilan soat 13:00da Chiragan saroyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Birinchi uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar “1000 ga 1000” formulasi bo‘yicha keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvini o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z fikrlarini batafsil bayon etish, so‘ngra muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi. Kiyev va Moskvaning xabar berishicha, Istanbulda kelishib olingan mahbuslar almashinuvi 25 may kuni yakunlangan.
Tinchlikka erishish yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlar doirasida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bir kun avval Moskva va Kiyevga borib, u yerda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina rahbarlari hamda yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashdi.
Live
Barchasi