Rossiya va Ukraina asirlar ro‘yxatini almashdi
Olam
−
23 may 2966 2 daqiqa
Rossiya tomoni “1000 ga 1000” tartibda harbiy asirlarni almashtirish bo‘yicha ro‘yxatlarni Ukrainaga topshirdi. Bu haqda kecha, 22 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Zelenskiyga ko‘ra, ayni damda asirlar haqida tafsilotlar to‘planmoqda.
“Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov jarayonning tashkil etilishi va kelishuvning bajarilishini nazorat qilmoqda. Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha komissari va idora jamoasi ishtirok etmoqda. Biz Rossiya tomonidan ro‘yxatga kiritilgan har bir shaxs bo‘yicha tafsilotlarni aniqlayapmiz”, deya yozgan Ukraina yetakchisi.
Shu bilan birga, Moskva Kiyevga almashinuv ro‘yxatini topshirganini Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tasdiqlagan.
“Biz haqiqatan ham o‘z ro‘yxatimizni topshirdik”, degan Peskov.
Keyinroq Ukraina harbiy asirlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab rahbari o‘rinbosari Andrey Yusov Kiyev ham o‘z ro‘yxatini hozirlab, Rossiya tomoniga topshirganini aytgan. Kiyevning ushbu harakatini Moskva tasdiqlagan. Umumiy olganda, ikki tomon ham bir-biriga ro‘yxatlarni taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari “yaqin kunlarda” “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib olgandi. Ukraina delegatsiyasi rahbari Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”.
Live
Barchasi