Rossiya va AQSH delegatsiyasining Ar-Riyoddagi muzokaralari yakunlandi
Olam
−
18 fevral
10749Bugun, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov muzokaralardan keyin jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, dastlab, Ushakov muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tganini va tomonlar kelgusida bir-birining manfaatlarini hisobga olishga kelishib olganini bildirgan.
“Biz shunchaki bir-birimizning manfaatlarimizni hisobga olishga kelishib oldik. Shu bilan birga, biz ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishimiz kerak, chunki bundan Moskva ham, Vashington ham manfaatdor”, degan Yuriy Ushakov.
Unga ko‘ra, delegatsiyalar Rossiya va AQSH rahbarlari Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvini ham muhokama qilgan.
“Bu masala muhokama qilindi, biz bunday uchrashuv uchun sharoit yaratish ustida ishlaymiz”, degan Rossiya Prezidentining yordamchisi.
Uning aytishicha, muzokaralar doirasida tomonlar Ukraina masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
Keyingi bayonotida esa Rossiya Prezidenti yordamchisi Rossiya va AQSH pozitsiyalari yaqinlashishi haqida gapirishga hali erta ekanligini aytgan.
“Hozircha yaqinlashib bormoqda, deyish qiyin, biroq bu haqda gap bo‘ldi”, deya gapirgan Ushakov.
Ma’lumot uchun, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar bugun ertalab mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da Ar-Riyodda boshlandi. Taxminan 2,5 soatdan so‘ng tomonlar 15 daqiqalik tanaffusga chiqishdi, shundan so‘ng muzokaralar tushlikkacha davom etdi.
Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ishtirok etmoqda.
AQSH delegatsiyasi tarkibida Davlat kotibi Marko Rubio, Prezident Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uals va AQSH yetakchisining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff bor.
LiveBarchasi