Rossiya O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali yangi yo‘lak yaratishini qo‘llab-quvvatladi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2023
6896O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali yangi transport yo‘lagi yaratish bo‘yicha rejasini Rossiya transport vazirligi hamda RF hududiy hokimiyatlari qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – Rossiya III hududlararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida transport-logistika, sanoat, turizm va yoshlar sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan panel sessiyalari o‘tkazilgan.
Vazirlik matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, yangi multimodal yo‘nalishlar, jumladan, Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yo‘nalishini yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgan.
Shuningdek, o‘zaro savdo va tranzitni rivojlantirishga xizmat qiladigan transport-logistika sohasidagi mintaqaviy loyihalarni milliy rejalarga kiritish bo‘yicha muloqotni davom ettirish taklifi kiritilgan.
Bundan tashqari, forum ishtirokchilari Yevroosiyo qit’asining transport tizimini mustahkamlash maqsadida davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari infratuzilmasini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish niyatida ekanliklarini bildirgan.
Tadbir qatnashchilari iqtisodiyot ehtiyojlarini qondirishda yangi transport infratuzilmasini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish muhim ahamiyatga egaligini inobatga olib, Rossiya va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirishga kelishib olgan.
LiveBarchasi