Rossiya O‘zbekistonga ayrim mahsulotlarni ko‘proq bermoqchi
Olam
−
02 dekabr 2022
23985Rossiya O‘zbekistonga kungaboqar yog‘i, qandolat mahsulotlari va bug‘doy eksportini oshirishga tayyor. Bu haqda bugun, 2 dekabr kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Samarqandda Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning uchinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Biz qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz”, deydi Rossiya Hukumati raisi.
Uning ta’kidlashicha, joriy yilning yanvar – oktyabr oylarida o‘zaro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari ayirboshlash hajmi qariyb 40 foizga oshgan va bir yarim milliard dollarga yaqinlashgan.
“Rossiya kungaboqar yog‘i, qandolat mahsulotlari, bug‘doy eksportini ko‘paytirishga tayyor, boshqa mahsulotlar bo‘yicha ham takliflar bor”, deydi Bosh vazir.
Shuningdek, u Rossiya va O‘zbekiston o‘z maqsadiga – o‘zaro tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazishga erisha olishiga ishonch bildirmoqda.
“Ishonchim komilki, biz buni uddalay olamiz. Bu ulug‘vor maqsadga erishish uchun yangi turtki berish, savdo-iqtisodiy hamkorlikning harakatlantiruvchi kuchiga aylanadigan asosiy yo‘nalishlarda barcha mavjud resurslardan foydalanish zarur”, deydi Mishustin.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyaning azaliy va ishonchli hamkori, ittifoqchisi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanadi va dunyoda rivojlanayotgan vaziyatga bog‘liq emas.
Tor doiradagi uchrashuvda Mishustin tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi muhim masalalarni ko‘rib chiqqanini, ular uzoq muddatga mo‘ljallangan parametrlarni belgilab berganini ma’lum qildi.
“Biz barchamiz Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanligimizga yana bir bor amin bo‘ldim”, deydi u.
Kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hukumati rahbarining ta’kidlashicha, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni oshirish bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilinadi.
“Biz qishloq xo‘jaligi, yoqilg‘i-yenergetika kompleksi, tibbiyot va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratamiz”, deydi Rossiya hukumati rahbari.
LiveBarchasi