Rossiya O‘zbekistonda dron ishlab chiqarmoqchi
Jamiyat
−
29 aprel
9169Rossiyaning uchuvchisiz havo tizimlari ishlab chiquvchisi bo‘lgan “Transport buduego” kompaniyasi joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda fuqarolik dronlari ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushiradi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Yuriy Kozarenko kecha, 28 aprel kuni “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
“Biz bozorni tahlil qildik va ayta olamizki, hozirdanoq o‘n minglab dronlarni iqtisodiy jihatdan samarali tarzda bozorda qo‘llash mumkin. Bu esa yuqori daromad olish imkonini beradi. Biz hozirda O‘zbekiston Respublikasida qurayotgan qo‘shma korxona shu yil oxirigacha ishga tushadi. Ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi 100 million dollardan oshadi. Bu faqat birinchi bosqich bo‘lib, mahsulotning kamida 50 foizi O‘zbekiston hududida mahalliylashtiriladi. Bu – dronlarni loyihalash, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish tizimini o‘z ichiga olgan loyiha”, dedi u.
Kozarenkoning aytishicha, dronlardan foydalanish uchun Rossiyaning Rosaviatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) bilan hamkorlikda katta hajmda ish olib borish zarur.
“Bu dronlar xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun kerakli infratuzilmani yaratishni o‘z ichiga oladi. Bu ishni biz o‘z zimmamizga oldik va uni respublikadagi hamkorlar bilan birgalikda olib boryapmiz”, deya ta’kidladi u.
Kozarenko dronlar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-texnik kengash tuzish taklifini izohlar ekan, bunday kengash faqat joriy ehtiyojlarga javob beradigan mahsulotlarni mahalliylashtirish emas, balki kelajak haqida fikr yuritish imkonini berishini qayd etdi.
“Kelajakda esa nafaqat texnologiyalar va texnologik yetakchilik, balki fanga va ta’limga yangi yondashuvlar ham muhim. Bu oddiy ta’lim emas, balki yuqori samarali ta’lim tizimi bo‘ladi. Bu yerda har bir biznes o‘z mablag‘ini yangi inson salohiyatini rivojlantirishga nima uchun sarflayotganini aniq tushunadi”, dedi u.
Bildirilishicha, “Transport buduego” kompaniyasi O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi nafaqat texnologiya yetkazib beruvchi, balki texnologiya va tayyor mahsulot oluvchi hamkor bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 28 aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurgani xabar qilingandi. Ko‘rgazmada mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT va boshqa tarmoqlardagi yetakchi korxonalarning texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilgan. Tadbir doirasida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.
LiveBarchasi