Rossiya O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni mahalliylashtirishi mumkin
Olam
−
09 Sentabr
11656Rossiya O‘zbekistonda fuqarolik dronlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishi mumkin. Bu haqda Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ma’lum qildi.
“Biz yuqori texnologiyali polimer ishlab chiqarishni tashkil etish, fuqarolik uchuvchisiz samolyotlar tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz”, deydi Mishustin.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli butunlay yangi bosqichga ko‘tarilganini aytdi.
“Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning asosiy tashqi iqtisodiy hamkori va eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki yarim barobar oshdi; 2023 yil oxirida u 10 milliard dollardan oshdi, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshdi. Asosiysi, o‘zaro yetkazib berish tarkibi, birinchi navbatda, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Davlatlarimiz rahbarlari oldimizga yangi maqsad – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mishustinning O‘zbekistonga tashrif buyurgani xabar qilingan edi. O‘zbekiston Bosh vazirining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning ma’lum qilishicha, tashrif dasturidan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish, Toshkent shahridagi ishlab chiqarish va sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda boshqa ob’ektlarga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi