Rossiya O‘zbekiston pomidori va qalampiriga qo‘yilgan taqiqni qisman bekor qildi
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
9115Bugun, 18 dekabrdan Farg‘ona viloyatida joylashgan 7 ta korxonadan Rossiya Federatsiyasiga pomidor va qalampir mahsulotini eksport qilishga ruxsat berildi. Bu haqda “Rosselxoznadzor” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 7 ta korxona mahsulotlarida 2020 yilda YeOII davlatlari uchun karantin ob’ektlar va pomidor jigarrang bujmayishi virusi aniqlanmagan.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan Farg‘ona viloyatidagi yetishtiruvchi hududlarni o‘rganish natijalari va issiqxonalarning holatini tahlil qilish to‘g‘risidagi taqdim etilgan ma’lumotlar asosida qabul qilingan.
Dastlabki bosqichda pomidor mahsulotini MCHJ “Golden Tree” (Ko‘shtepa tumani), FX “Farhod Rancho” (Kuvasoy sh.), MCHJ “Farg‘ona Ziyo quruvchi” (Kuvasoy sh.) hamda qalampir mahsulotini FX “Novaya volna” (Oltiariq tumani), MCHJ “Jilokor Zamini” (Dang‘ara tumani), MCHJ “Saodatli Dil Farovon” (Dang‘ara tumani), MCHJ “Yuldashev Eldor” (Beshariq tumani) korxonalaridan olib kirishga ruxsat etildi.
Shu bilan bir qatorda, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi "Rosselxoznadzor" bilan vaqtinchalik cheklovlarni bekor qilish yuzasidan muvofiqlashtirilgan qo‘shma tadbirlar davom etayoganligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rosselxoznadzor” Farg‘onadan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlari, Qashqadaryodan esa pomidor va qalampir importiga taqiq qo‘ygandi.