Rossiya urushga borishni istamagan askarini Qozog‘istondan olib ketdi
Olam
−
25 Sentabr
10973Rossiya xavfsizlik kuchlari Ukrainaga qarshi urushga borishni xohlamay, Qozog‘istonga qochib ketgan 23 yoshli rossiyalik Komil Qosimovni Qozog‘iston hududida ushlangan va qonuniy deportatsiya yoki ekstraditsiya qoidalariga bo‘ysunmay, Rossiyaga olib chiqib ketdi. Bu haqda “Mediazona” xabar berdi.
Komil Qosimov Rossiyaning Tyumen viloyatidan. 2014 yilda Komil 13 yoshligida uning otasi vafot etgan. Akasi Shamil esa bu vaqtda 17 yoshda bo‘lgan. Bolalarning onasi Zulfiya kiyim-kechak tikish ustaxonasida tikuvchi bo‘lib ishlagan va oila mudom qiyinchilikda yashagan. Maktabdan so‘ng Komil grafik dizayner bo‘lish uchun texnikumga o‘qishga kiradi, lekin o‘qishlar tugagach ish topa olmaydi. 2021 yilning yozida u Mudofaa vazirligi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Ular taxminan 30 ming rubl to‘lashga va’da bergan.
Olti oydan keyin Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashini Zulfiya ham, uning o‘g‘li ham bilmagan. Chunki ular siyosatga qiziqmagan. Qosimov Ulan-Udega, “Iskander” raketa majmualari mavjud 103-raketa brigadasiga yuborilgan. Brigada harbiylarini g‘arbiy chegaralarga birinchilardan bo‘lib, urush boshlanishidan bir oy oldin joylashtirish boshlangan. May oyiga kelib, Belarus hududidan Ukraina tomon uchirilgan raketalar soni 600 taga yetgan. Qosimov bu paytda Belarusda xizmat qilgan. Komil onasiga hech narsa aytmagan, ammo u “ryadovoy”dan “yefreytor”ga qadar ko‘tarilgan va unga jangovar harakatlar veterani maqomi berilgan.
Yigitning onasi oilasi kambag‘al, o‘ta qashshoq ekani, doimo kam pul topgani, o‘g‘li do‘stlari sabab shartnoma imzolaganini aytgan.
“Menimcha, do‘stlaridan biri unga “yur, xizmat qilamiz, nimadir bo‘lar”, degan. Shunchaki do‘stlari bilan xizmat qilishni xohlagan, ular uzoqroqqa, Uzoq Sharq yoki boshqa joyga ketishni istagan”, deydi yigitning onasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin uning o‘g‘lini uch yil muddatga shartnoma imzolashga majburlashgan. 2023 yilning 15 may kuni yigit ta’tilga chiqqan. Uyiga yo‘l olgan yigit harbiy qismga qaytmaslikka qaror qilgan.
“Ona, men u yerga qaytmayman” dedi. U yerda nimalar bo‘lganini aytmadi, o‘g‘lim Ukraina hududida bo‘lgan-bo‘lmaganini ham bilmayman. Menimcha, u qo‘rqqan, yashashni xohlagani uchun shunday qarorga kelgan. Avvaliga u Tyumendagi biror joyga yashirinish taklifini berdi. Unga baribir topishlarini aytdim. Baribir o‘z bilganidan qolmadi”, deydi ona.
Askar ta’tili tugagunga qadar Rossiya bo‘ylab bemalol yura olgan. U rossiyalik huquq himoyachilari bilan muloqotga kirishmay, 11 iyun kuni Minskka keladi va Belarus poytaxti orqali Ostona shahriga uchib ketadi. U Qozog‘istonda qonuniy ishlashga qaror qiladi. Shu sabab shaxsiy identifikatsiya raqamini rasmiylashtiradi, vaqtincha yashash ruxsatnomasini oladi va tipografiyaga ishga joylashadi.
Aprel oyining oxirlarida, u Ostonada yaxshi va tinch yashab yurganida uning atrofida noma’lum va notanish odamlar paydo bo‘la boshlaydi. Uning yangi ish joyi – qurilish materiallari fabrikasi hamma kirib-chiqadigan binoda bo‘lgani sababli noma’lum shaxslar paydo bo‘lganiga parvo qilmaydi. O‘shanda askar ish joyidan Olmaota politsiya boshqarmasiga olib ketilgan va Priozerskdagi harbiy komendatura hududiga yuborilgan.
13 avgust kuni 40-garnizon harbiy sudi chiqargan sud hukmi bilan u urush davrida dezertirlikda aybdor deb topildi va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lumot uchun, MDHga a’zo davlatlarning huquqiy yordami to‘g‘risidagi Kishinyov konvensiyasining 89-moddasi “g” bandida “Agar tutib berish so‘ralayotgan harakat so‘ralayotgan ahdlashuvchi davlat qonunchiligiga muvofiq bo‘lsa, ekstraditsiya amalga oshirilmaydi”, deyilgan.