Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi 9,5 yilga qamaldi
Sport
−
25 Sentabr
7955“Lokomotiv”, “Krasnodar” va “Torpedo” klublarining sobiq himoyachisi Aleksey Bugayev 2023 yilning noyabrida giyohvand moddalar savdosiga urinishda ayblanib, hibsga olingandi. Endilikda unga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Krasnodr sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u 495 gramm mefedron bilan ushlangan. Krasnodarning Prikubanskiy tuman sudi Aleksey Bugayevni Rossiya Jinoyat kodeksining 228.1-moddasi 5-qismi 3-bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyida Bugayev giyohvand moddalar solingan “saqlash” joylashuvi koordinatalari ko‘rsatilgan SMS-xabarni olib, umumiy og‘irligi 494,8 gramm bo‘lgan giyohvand moddalarni olib ketgan. Sudlanuvchi giyohvand moddalarni keyinchalik noqonuniy sotish maqsadida sotib olgan, biroq u huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingani bois, bunga erisha olmagan.
Sobiq futbolchi o‘z ko‘rsatmasida giyohvand moddalarni tarqatishni rejalashtirmaganini, lekin unga bu ishni taklif qilgan shaxslarni fosh qilishda politsiyaga yordam bermoqchi ekanligini aytdi.
Biroq sudda ko‘rsatmasi o‘qib eshittirilgach, Bugayev o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilmishidan pushaymon ekanini aytgan. Shuningdek, sudlanuvchining aybi ish bo‘yicha tekshirilgan dalillarning yig‘indisi bilan aniqlangan. Sud jazo tayinlashda Bugayevning bolasi borligini, tavbasini va sportdagi muvaffaqiyati uchun ko‘plab mukofotlarni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga oldi.
“Aleksey Bugayevga 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi. Hukm qonuniy kuchga kirdi”, deyiladi Krasnodar sudlarining qo‘shma matbuot xizmati xabarida.
LiveBarchasi