Rossiya urush uchun Indoneziya fuqarolarini yollamoqda – Ukraina razvedkasi

Olam

image

Ukraina razvedkasi Rossiya Ukraina bilan urushda qatnashish uchun Indoneziya fuqarolarini yollashga urinayotganini tasdiqladi. Bu haqda Ukraina Tashqi razvedka xizmati Telegram-kanalida xabar qildi.

“Ukraina Tashqi razvedka xizmati Rossiya bosqinchi armiyasi safiga jalb qilingan kamida sakkiz nafar Indoneziya fuqarosiga oid hujjatlarni qo‘lga kiritdi”, deyiladi xabarda.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya xorijliklarni avvaldan shakllangan sxema asosida yollamoqda. Ularga yuqori miqdorda to‘lovlar, jangovar bo‘lmagan lavozimlar, Rossiya fuqaroligini tezlashtirilgan tartibda olish imkoniyati va turli ijtimoiy imtiyozlar taklif qilinmoqda.

Ukraina razvedkasi Rossiya bundan avval ham Nepal, Kuba, Keniya va Hindiston fuqarolarini shu yo‘l bilan yollaganini ma’lum qilgan.

Tashqi razvedka xizmatining ta’kidlashicha, mazkur davlatlarning aksariyat fuqarolari tegishli tayyorgarliksiz frontga yuborilgan. Ularning ayrimlari dastlabki bir necha hafta ichida halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukrainadagi har oylik yo‘qotishlari yangi yollanganlar sonidan taxminan 6 ming kishiga ko‘proqni tashkil etayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing