Rossiya-Ukraina urushiga ayollar aralashdi. Turkiya birinchi xonimi butun dunyoga murojaat qildi
Olam
−
07 mart 2022
23220Bolalar ustiga yog‘ilib kelayotgan bombalarga ko‘rish uchun emas, faqat samoga qarab uchib borayotgan rang-barang sharlarni tomosha qilish uchungina osmonga qarasin. O‘lim haqidagi xabarlarda bolalarning ismi keltirilgan dunyoda hech birimiz baxtli bo‘lolmaymiz. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an o‘zining Ukrina xalqi va butun dunyoga qilgan murojaatida so‘z ochgan.
Emina Erdo‘g‘an videomurojaati avvalida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning rafiqasi Olena Zelenskayaning nomini tilga oladi va u orqali butun Ukraina xalqiga salom yo‘llaydi.
“Ukrainaga qilingan hujumlardan chuqur qayg‘uda ekanligimni bilishingizni istayman. Turkiya davlati o‘laroq voqealarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Ukraina xalqi turk xalqining duolaridadir. Allohdan tezroq osuda hayotga qaytishingiz va hech bir jon jabr ko‘rmasligini so‘raymiz. Ko‘p yillar davomida dunyoning bir necha nuqtalarida davom etayotgan urush va mojarolarni to‘xtatishga harakat qilgan bo‘lsak-da, Ukraina hozir ham xuddi shunday tajribani boshidan kechirayotgani, biz o‘chirmoqchi bo‘lgan olovni yanada kuchaytirdi.
Uning qayd etishicha, dunyo tarixi sahifalari ko‘plab urushlar va ko‘z yoshlar bilan to‘lib-toshgan. Urushning alamli oqibatlarini hamma yaxshi biladi.
Emina Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, 2011 yildan buyon Suriya parokanda qilib kelayotgan qirg‘inbarotlardan qochgan oddiy odamlar Turkiyada boshpana topgani, ammo hamon vatan sog‘inchi bilan yashayotganini urg‘uladi.
“Turkiya urushdan qochgan millionlab odamlarga mezbonlik qilmoqda. 2011 yilda Suriyada boshlangan urushlardan qochib Turkiyaga kelgan 4 millionga yaqin odamni bag‘rimizga oldik. Ularning barbod bo‘lgan hayotlarini tiklashga, yo‘qotgan umidlarining qayta kurtak ochishiga yordam qilyapmiz. Necha yillarki, tuproqlarimizda hayot ipini tutib qolishga harakat qilgan insonlarning taqdiriga guvoh bo‘lib kelyapmiz. Na qalblardagi yaraning o‘rni bityapti va na vatan sog‘inchining. Ana shunday alamli holatlarga qaramay, dunyo bo‘ylab qochqinlar bosib o‘tgan yo‘llarida yangi qochoqlar lagerlari tashkil etilishi davom etmoqda. Ming afsuski, bu yo‘llar yangi kelajakni ochish o‘rniga, mavjud tarixni ham yo‘qqa chiqarmoqda”, deydi Turkiya birinchi xonimi.
Emina Erdo‘g‘anga ko‘ra, urushlarda eng katta zarar ko‘radigan aholi qatlami ham aynan ayollar va bolalar. U o‘zi ham ayol, ona va buvi ekanini ta’kidlab, butun dunyoni ayollar va bolalar uchun urushni to‘xtatishga chaqirdi.
“Biz o‘z tajribamizdan bilamizki, eng zaif guruhni tashkil etuvchi ayollar va bolalar urushlardan nomutanosib ta’sirlanadi. O‘lim haqidagi xabarlarda bolalarning ismlari tilga olinadigan dunyoda hech birimiz baxtli va osoyishta bo‘la olmaymiz. Ayol, ona, buvi sifatida ta’riflab bo‘lmaydigan qayg‘udaman. Men butun dunyoga murojaat qilmoqchiman: keling, boshqa urushga yo‘l qo‘ymaylik, shu bilan birga davom etayotgan urushlarni to‘xtatishimiz kerak. Insoniyat hozirgi vaziyatdan juda charchagan. Men mamlakatlar muammolarini nizolar bilan emas, balki diplomatiya bilan hal etishlarini tilayman.
Xalqaro hamjamiyat Ukraina uchun ko‘rsatgan birdamlik namunasi tili, dini va irqidan qat’i nazar, barcha mazlum xalqlar uchun amal qilishi kerak. Dunyodagi barcha ayollar va bolalar bir insoniyat oilasining a’zolaridir. Shuning uchun qayerda urush bo‘lmasin, biz tinchlik o‘rnatish uchun xuddi shunday kuchli refleks ko‘rsatilishini so‘raymiz. Bolalar faqat osmonga ko‘tarilayotgan sharlarni tomosha qilish uchun boshlarini ko‘tarishlari kerak, ustilariga yog‘ilayotgan bombalarga qarash uchun emas”, deydi Emina Erdo‘g‘an.