Rossiya Ukrainaning energetika ob’ektlariga yirik hujum uyushtirdi

Olam

image

Bugun, 28 noyabr kuni Rossiyaning muhim energetika infratuzilma ob’ektlarini nishonga olgan keng miqyosli havo hujumidan so‘ng Ukrainada milliondan ortiq xonadonlar elektrsiz qoldi. Bu xaqda CNN xabar berdi.

Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu joriy yilning o‘zida Rossiyaning Ukraina energiya ta’minotiga 11-keng ko‘lamli hujumi bo‘lib, u butun mamlakat bo‘ylab elektr tokining uzilishiga sabab bo‘lgan. 

“Energetika yana dushmanning ommaviy zarbasi ostida qoldi. Energiya ob’ektlariga hujumlar butun Ukraina bo‘ylab sodir bo‘lmoqda. “Ukrenergo” uzatish tizimi operatori zudlik bilan elektr energiyasini favqulodda o‘chirgan. Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangach, oqibatlar aniqlanadi”, deb yozdi Ukraina Energetika vaziri German Galushenko Facebook'dagi sahifasida.  

Ukrainaning energetika operatori ko‘plab hududlarda favqulodda elektr ta’minotini to‘xtatdi, g‘arbiy Lvov, Volin va Rovno viloyatlarida katta uzilishlar sodir bo‘lgan. Kamida besh kishi, jumladan, markaziy Vinnitsa viloyatida bir kishi, janubiy Odessa viloyatida ikki kishi va poytaxt Kiyevda ikki kishi jarohatlangan.

“Mamlakat bo‘ylab, jumladan, Kiyevda havo hujumidan mudofaa kuchlari ishga tushirildi”, dedi poytaxt meri Vitaliy Klichko. 

To‘qqiz soatdan ortiq davom etgan havo hujumi oqibatida shahar aholisi metro bekatlaridan boshpana topdi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda qurbonlar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hujumda 100 ga yaqin dron va 90 dan ortiq raketalar ishtirok etgan.

“Bunday har bir hujum hozir Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari zarurligini isbotlaydi, bu yerda ular bazalarni emas, balki hayotni saqlab qoladi”, deya qo‘shimcha qilgan  Zelenskiy. 

Bu bilan u ittifoqchilarni Ukrainaning havo hujumidan mudofaa salohiyatini oshirishda yordam berishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 noyabr kuni Rossiyaning dron hujumi oqibatida Zaporoje viloyatida elektr uzatish liniyasi shikastlangan, bu esa butun mintaqada elektr ta’minotida uzilishga olib kelgandi.

Diyorjon Quvondiqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing