Rossiya Ukrainaga yadroviy arsenalidagi raketani uchirdi – OAV
Olam
−
18 noyabr 2022
46865Kecha, 17 noyabr kuni Rossiya Kiyevga yadro kallagini simulyatsiya qiluvchi (imitator) blok bilan jihozlangan raketa uchirgani ma’lum bo‘ldi. Raketa shahar osmonida havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan.
“Defense Express” nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, bu X-55 tipidagi qanotli raketa bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, bu raketada jangovar kallak o‘rniga yadro kallagiga o‘xshash blok “o‘rnatib qo‘yilgan”.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiyaning qanotli raketalar zaxirasi Kreml uchun xavotirli darajada kamaygan. Yadro arsenaliga kiruvchi X-55 raketasidan foydalanilgani fakti bunga guvohlik beradi, deya qayd etgan nashr.
Eslatib o‘tamiz, 17 noyabr kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa hujumlari uyushtirgandi. Rossiya Federatsiyasining birinchi raketalari ertalab soat 8:00 da uchirildi.
Bosh vazir Denis Shmigalning aytishicha, bu safar Rossiya Ukrainaning gaz qazib chiqarish quvvatlarini nishonga olgan.
LiveBarchasi