Rossiya Ukrainaga tuhmat qilgani fosh bo‘ldi

Olam

image

Joriy yilning 24 oktyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Twitter’da Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib e’lon qilgan va go‘yoki Ukrainaning “iflos bomba” yaratish jarayonini aks ettiruvchi surat ma’lum bo‘lishicha, 2010 yilda Sloveniyada olingan. Bu haqdagi tvit, o‘z navbatida, Sloveniya hukumati tomonidan 25 oktyabr kuni e’lon qilindi.

Rossiya TIV xabaridagi suratda radioaktiv xavf belgisi bilan belgilangan nima ekani noaniq bo‘lgan paketlar ko‘rsatilgan. Fotosurat tagida: “Ishlatilgan materiallar: uran-235, plutoniy-239” deb yozilgan.

Sloveniya hukumati 2010 yilda Sloveniya Yadro chiqindilari agentligi (ARAO) tomonidan professional maqsadlarda olingan ushbu fotosuratda radiatsiya manbalari mavjud tutun detektorlari ko‘rsatilganligini, “ammo fotosurat ostidagi jadvalda ko‘rsatilgan radioaktiv materiallardan hech biri yo‘qligin” tushuntirdi. Rasmiy Lyublyananing qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu suratdan ARAO’ning xabarisiz foydalangan.

“Sloveniyada radioaktiv chiqindilar xavfsiz va nazorat ostida saqlanadi. Ulardan hech qanday “iflos bombalar” ishlab chiqarish uchun foydalanilmaydi”, deya ta’kidladi mamlakat hukumati.

Ma’lumot uchun, 23 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Fransiya, Turkiya, Buyuk Britaniya va AQSH Mudofaa vazirlariga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina go‘yoki radioaktiv moddalar yoki chiqindilar bilan to‘ldirilgan “iflos bomba” yordamida provokatsiya tayyorlayotgani haqida ogohlantirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z qo‘rquvini o‘sha paytda hech qanday dalil bilan tasdiqlamadi.

Ukraina bu ayblovlarni qat’iyan rad etib, ularni “xavfli yolg‘on” deb atadi. Prezident Zelenskiy Yevropada faqatgina bitta sub’ekt yadro bombasidan foydalanishi mumkinligini aytdi. Kiyev Ukrainada “iflos bomba” ishlab chiqarilmaganiga ishonch hosil qilish uchun Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarini mamlakatga tashrif buyurishga taklif qildi.

AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari birgalikda Shoygu Kiyevning Moskvani yadroviy bomba bilan obro‘sizlantirish niyati haqidagi so‘zlari “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini” ta’kidladi. Yens Stoltenberg NATO Bosh kotibi Moskva bu ayblovlarni mojaroni kuchaytirish uchun bahona sifatida ishlatmoqchi, degan fikrni bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing