Rossiya Ukrainaga “Oreshnik” bilan zarba berdi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi harbiy boshqaruv ob’ektlari, aviabazalar va mudofaa-sanoat korxonalariga javob zarbasi berilganini ma’lum qildi.

Bayonotga ko‘ra, hujumda “Oreshnik”, “Iskander”, “Kinjal” va “ Sirkon” raketalaridan foydalanilgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 24 mayga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina tomonidan Rossiya hududidagi fuqarolik ob’ektlariga uyushtirilgan hujumlarga javoban keng ko‘lamli zarba bergan.

Hujumlarda “Oreshnik” ballistik raketalari, “Iskander” aerobalistik raketalari, “Kinjal” gipertovushli raketalari, “Sirkon” qanotli raketalari, shuningdek havo, dengiz va quruqlikdan uchiriladigan qanotli raketalar hamda zarbdor dronlardan foydalanilgani aytilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida “zarba maqsadlariga erishildi, belgilangan barcha ob’ektlar yo‘q qilindi”, deyiladi.

24 mayga o‘tar kechasi Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar yuz bergan. Mamlakat bo‘ylab raketa xavfi e’lon qilingan.

Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina poytaxtining deyarli barcha tumanlarida vayronagarchilik qayd etilganini bildirgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati esa Kiyev viloyatining bir qator hududlarida ham portlashlar sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘z bayonotida Ukraina tomonidan LXRdagi Starobelsk kollejining yotoqxonasiga berilgan zarba “Rossiyaning keskin javobiga” sabab bo‘lganini yozgan.

Rossiya tomonining iddao qilishicha, 22 mayga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Lugansk xalq respublikasidagi Starobelsk professional kollejiga hujum uyushtirgan. Oqibatda 21 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq odam jarohatlangan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu hodisani terrorchilik harakati deb atagan va Mudofaa vazirligiga javob choralarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berganini bildirgan.

Qayd etish joiz, bu urush boshlangandan beri Rossiya armiyasining uchinchi marta “Oreshnik”dan foydalanishi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Iskander Kinjal Oreshnik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing