Yevropa Rossiyaning “Oreshnik” raketasini qo‘llaganini qoraladi
Olam
−
11:30 4206 2 daqiqa
Rossiyaning “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasini qo‘llashi Yevropa davlatlarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya yana bir bor ushbu raketadan foydalangan va bu safar zarba Kiyev viloyatiga yo‘naltirilgan. Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi ham raketa uchirilganini tasdiqlab, bu Ukraina tomonidan fuqarolik ob’ektlariga berilgan hujumlarga javob ekanini bildirgan. Kiyev esa, bu ayblovlarni rad etgan.
Germaniya kansleri Fridrix Mers hujumni “o‘ylamay qilingan xavfli keskinlashuv” deb atadi va Ukrainaga yordam davom etishini bildirgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiyaning so‘nggi hujumlarini qoralagan. Uning aytishicha, yadroviy qurol tashish imkoniyatiga ega “Oreshnik” raketasidan foydalanish Rossiyaning urushdagi murakkab holati va mojaroning xavfli bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiyaning ommaviy hujumlarini Kremlning shafqatsizligi va tinchlik muzokaralariga befarqligining isboti deb atagan. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Kaya Kallas esa, hujumlarni Ukraina fuqarolariga qarshi “dahshatli terror harakatlari” deb baholagan. Uning ta’kidlashicha, “Oreshnik” raketa tizimidan foydalanish xavfli yadroviy bosim sifatida qabul qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya qo‘shinlari avval 2024 yil noyabrida Dnepr shahridagi harbiy-sanoat majmuasiga shu raketa bilan zarba berganini ma’lum qilgan edi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda bunday raketalar zaxirasi mavjudligi va ularning seriyali ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganini aytgan.
2026 yil yanvar oyida esa Rossiya “Oreshnik” bilan Ukraina g‘arbidagi Lvov viloyatiga hujum qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, zarba ortidan Lvov aviatsiya-ta’mirlash zavodi ishdan chiqqan. Moskva ma’lumotiga ko‘ra, raketa 3 mingdan 5,5 ming kilometrgacha masofadagi nishonlarni ura oladi. Bu esa, Yevropaning katta qismini uning ta’sir doirasiga kiritadi.
Belarus ham ushbu raketa tizimiga ega ekani taxmin qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Oreshnik” qo‘llangan hujum Rossiyaning 24 mayga o‘tar kechasi amalga oshirgan yirik zarba operatsiyasi doirasida bo‘lgan. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya 90 ta raketa va qanotli raketalar, shuningdek, taxminan 600 ta dron ishlatgan.
Live
Barchasi