Rossiya Ukrainaga 1-2 kunlik sulh taklif qildi

Olam

image

Rossiya tomoni Ukraina bilan muzokaralarning to‘rtinchi raundi bo‘lib o‘tishiga umid qilmoqda. Bu haqda Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy kecha, 23 iyul kuni Istanbulda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining uchinchi raundi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Medinskiyning aytishicha, Rossiya Ukrainaga yaradorlar va halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini jang maydonidan olib chiqish uchun 24-48 soatlik qisqa muddatli sulh e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Ukrainaga 7 mingdan ortiq halok bo‘lgan ukrainalik harbiy xizmatchilarning jasadlarini topshirgan, rossiyalik askarlarnikini qaytarib olgan. Medinskiyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukrainaga yana 3000 o‘lgan ukrainalik askarning jasadini topshirishni taklif qilgan.

Bundan tashqari, Rossiya Prezidentining maxsus vakili har tomondan yana 1200 nafar mahbusni almashish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi.

Delegatsiya rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Ukrainadagi urushni tartibga solish bo‘yicha memorandumlar loyihasida ko‘rsatilgan tomonlar pozitsiyalarini keng muhokama qilgan.

Medinskiyning qayd etishicha, pozitsiyalar bir-biridan ancha uzoqda, biroq tomonlar aloqani davom ettirishga kelishib olgan.

“Tabiiyki, biz o‘tgan safar taqdim etilgan memorandumlarda tomonlarimiz belgilagan pozitsiyalarni uzoq vaqt muhokama qildik”, dedi u jurnalistlarga.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya Prezidenti Putin va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi shartlarini ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv yaxshi ishlab chiqilgan bo‘lishi kerakligini yetkazgan.

“Bunday uchrashuv bo‘lishi uchun avvalo kelishuv shartlarini ishlab chiqish va bu uchrashuvda nimani muhokama qilish kerakligini tushunish kerak, lekin aslida bu yig‘ilishda kelishuvni muhokama qilish emas, balki unga chek qo‘yish, imzo qo‘yish kerak”, dedi u.

Ma’lumot uchun, kecha, 23 iyul kuni Istanbuldagi Chirog‘on qarorgohida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralarining uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar Turkiya vositachiligida uyushtirildi. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina delegatsiyasiga esa Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustam Umarov boshchilik qildi. Muzokaralar boshlanishidan avval Rossiya va Ukraina delegatsiyalari rahbarlarining yakkama-yakka uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Moskva va Kiyev o‘rtasidagi oldingi ikki muzokara raundi 16 may va 2 iyun kunlari Istanbulda o‘tkazilgan. Uchrashuvlar yakunida tomonlar harbiy asirlar va harbiy xizmatchilarning jasadlarini almashish, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bayon etilgan memorandum matnlarini bir-biriga topshirishga kelishib olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyul kuni Istanbulda Rossiya Federatsiyasi bilan tinchlik muzokaralarida qatnashgan Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kiyev Rossiya tomoniga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni avgust oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilganini aytgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bugun, 24 iyul kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar mazmunli bo‘lishi kerakligi va har tomonlama tayyorgarlikdan so‘nggina ikki davlat rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi haqida gapirish mumkinligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing