Rossiya Ukrainadan uzr so‘rashni talab qildi. Kiyev bosh egadimi?
Olam
−
25 dekabr 2021
13711Moskva Ukrainaning Lvov shahridagi Bosh konsullik binosiga “Molotov kokteyli uloqtirilishi” bilan bog‘liq holatni “terakt” deb atamoqda. Holat bo‘yicha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevga nota yo‘llab, undan uzr so‘rashni talab qilmoqda.
“Bino va xodimlar xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish va aybdorlarni topishni talab qilib Rossiya Bosh konsulligi Ukraina Tashqi ishlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasiga nota va Lvovdagi Milliy politsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i nomiga murojaatnoma yubordi. Notaning analogik nusxasi Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasidan Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga ham yuborildi”, deyiladi Rossiya TIV bergan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, “Ukraina rasmiylari tomonidan sodir etilgan ushbu xavfli hodisa” Konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi, Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan, diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiya hamda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida Konsullik konvensiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi hisoblanadi.
Rossiya TIV bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning Lvovdagi bosh konsulligiga nisbatan sodir etilgan terrorchilik harakati Ukrainada Rossiyaga nisbatan nafrat va adovat uyg‘otilishining natijasidir.
“Bunday ochiq-oydin va nomaqbul harakat Ukrainada rusofobik isteriyani qo‘zg‘atish, Rossiya Federatsiyasiga nisbatan nafrat va adovat uyg‘otish natijasi ekanligi aniq”, deyilgan bayonotda.
Ukrainaning Moskvadagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Lvovdagi Rossiya Bosh konsulligiga nisbatan sodir etilgan teraktdan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, unga voqea munosabati bilan keskin norozilik bildirildi, deya qo‘shimcha qilinadi vazirlik bayonotida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina rasmiylari xalqaro huquqiy majburiyatlarini bajarish, aybdorlarni aniqlash va jinoiy javobgarlikka tortish hamda bunday hodisalar takrorlanmasligi uchun kafolat berishiga umid qilmoqda.
“Shuningdek, biz Kiyevning Rossiya konsullik binosining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun uzr so‘rashini kutib qolamiz”, deyiladi bayonot yakunida. Biroq Kiyev holat bo‘yicha uzr so‘ramagan taqdirda uni nimalar kutayotganiga aniqlik kiritilmagan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi