Rossiya Ukrainadagi 8 ta hududni egallaganini ma’lum qildi
Olam
−
18:59 1355 1 daqiqa
Rossiya Qurolli kuchlari joriy yilning 1-7 avgust kunlari Ukraina hududidagi 8 ta aholi punktini nazoratiga olganini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya kuchlari Xarkov viloyatidagi Aniskino, Baksheyovka, Beliy Kolodez, Ustinovka va Olgovka, Sumi viloyatidagi Rijevka hamda Zaporoje viloyatidagi Lyubitskoye va Zarnitsa aholi punktlari ustidan nazorat o‘rnatgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta davomida Ukraina hududidagi ob’ektlarga yuqori aniqlikdagi qurollar va zarbdor dronlar yordamida 2 ta ommaviy va 12 ta guruhli zarba berilgan.
Zarbalar harbiy sanoat korxonalari, logistika markazlari, yoqilg‘i-energetika va transport infratuzilmasi ob’ektlari, shuningdek, dronlarni ishlab chiqarish va saqlash joylariga qaratilgani aytilgan.
Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi bir hafta ichida Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida harakat qilgan 34 ta dengiz kemasi zararlanganini bildirgan. Ular orasida 31 ta quruq yuk kemasi va 3 ta tortuvchi kema bor.
Shuningdek, Rossiya Qora dengiz floti kuchlari Ukrainaga tegishli 5 ta ekipajsiz katerni yo‘q qilgani ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotidagi ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat harbiy qo‘mondonligi tarkibida bir qator yirik kadrlar almashinuvini amalga oshirgan edi.
Live
Barchasi