Rossiya Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli raketa hujumi uyushtirdi

Olam

image

Rossiya kuchlari Ukrainaning energetika infratuzilmasi ob’ektlariga yangi rejali hujum uyushtirdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni xabar berdi.

“Vaziyat juda og‘ir. Eng ko‘p zarbalar mamlakat markazi va shimolida qayd etilgan. Poytaxtda vaziyat juda og‘ir”, deydi 15 noyabr kuni Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Xususan, ruslar Kiyevga yana hujum uyushtirdi. Ukraina poytaxti markazidagi turar-joy binolariga ikkita raketa kelib tushdi, deb xabar berdi shahar meri Vitaliy Klichko.

“Poytaxtga hujum. Pecherskiy tumanida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita turar-joy binosiga zarba berilgan. Havo mudofaa  tizimi bir nechta raketalarni Kiyev ustida urib tushirdi. Shifokorlar va qutqaruvchilar halokat joyida”, deydi u.

Keyinchalik u Pecherskiy tumanidagi yana bir ko‘p qavatli uyga zarba berilganini yozdi. Hozircha bir marhumning jasadi topilgan.

Bundan tashqari, Rossiya Qurolli Kuchlari Xarkovning muhim infratuzilmasiga, shuningdek, Xarkov viloyatining Chuguyev tumaniga zarba berdi, buning natijasida elektr ta’minotida muammolar yuzaga keldi, deb yozadi viloyat ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov Telegram’da.

Lvov meri Andrey Sadoviy shaharda portlash ovozlari eshitilganini aytdi va aholini boshpanalarda qolishga chaqirdi.

“Shaharning bir qismi elektr ta’minotisiz qoldi”, degan u.

Bundan tashqari, Xmelnitskiy, Rovne, Volin, Jitomir, Vinnitsa, Dnepropetrovsk va Poltava viloyatlariga ham raketa hujumlari amalga oshirildi, deb yozadi “Ukrainska pravda” viloyat harbiy ma’muriyatlari rahbarlari va shahar merlariga tayanib.

Kirill Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, “Ukrenergo” energetika tizimini muvozanatlash va jihozlarning nosozliklarini oldini olish uchun elektr energiyasini favqulodda uzilishlarni boshlashga majbur. Prezident devoni rahbari o‘rinbosari energiyani kam iste’mol qilishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Klichko poytaxtda aholining kamida yarmi elektr energiyasiz qolganini aytdi.

Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermakning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati tomonidan Ukrainaning yangi ommaviy o‘qqa tutilishi to‘lanadigan tovon puli miqdorini oshirishi mumkin.

“Qo‘rqoqlar, ular faqat ukrainaliklarga o‘z fuqarolari tomonidan to‘lanadigan tovon miqdorini oshiryapti. Ular urushda g‘alaba qozona olmaydi, biz hammasini tiklaymiz”, dedi u Telegram sahifasida.

Rossiyaning Ukrainaning deyarli barcha mintaqalaridagi energetika infratuzilmasi ob’ektlariga ommaviy zarbalaridan keyin Prezident Vladimir Zelenskiy ukrainaliklarga shoshilinch murojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 85 ta raketa bilan zarba bergan, bu esa mamlakat energetika tizimiga zarar yetkazgan. Zelenskiy yana 20 tagacha zarba berishi mumkinligini aytdi va ukrainaliklarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

"Biz ishlayapmiz. Biz hamma narsani tiklaymiz. Hammamiz omon qolamiz. Ukrainaga shon-sharaflar”, degan Zelenskiy.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

568

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing