Rossiya Ukraina infratuzilmasiga zarba berishda davom etmoqda – Zelenskiy
Olam
−
19 mart 2025 4046 5 daqiqa
Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga 30 kun davomida zarba bermaslik bo‘yicha kelishuvini e’lon qilganiga qaramay, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat osmonida 40 ga yaqin dron parvoz qilayotganini va ulardan biri Sumidagi shifoxonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 19 martga o‘tar kechasi o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Hozir ko‘plab mintaqalarda Rossiyaga aslida nima kerakligi aniq eshitilmoqda. Bizning osmonimizda 40 ga yaqin “Shahed” droni harakatlanmoqda, havo mudofaamiz ishga tushgan”, deb yozdi Zelenskiy.
Ushbu bayonot Kreml tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning AQSH Prezidenti Donald Tramp taklif etgan 30 kunlik sulhni qo‘llab-quvvatlashi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib berilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar aynan tinch aholi infratuzilmasiga yo‘naltirilgan.
“Sumidagi shifoxonaga “Shahed” dronining to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbasi, Donetsk viloyatidagi shaharlarga zarbalar, ayni damda zarba beruvchi dronlarning Kiyev viloyati, Jitomir viloyati, Sumi, Chernigov, Poltava, Xarkov, Kirovograd, Dnepropetrovsk va Cherkassk viloyatlari osmonida harakatlanayotgani kuzatilmoqda”, deb yozdi Ukraina Prezidenti.
Prezident Vladimir Zelenskiy bungacha jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Ukraina har doim energetikaga har qanday qurol bilan zarba bermaslik pozitsiyasini qo‘llab kelganini ta’kidlagan.
“Menimcha, hamma barqaror tinchlikka erishish uchun harakat qilishi kerak. Agar Prezident Tramp zarbalarni energetika va dengiz infratuzilmasiga yo‘naltirmaslik bo‘yicha aniq tafsilotlarni taqdim eta olsa va bu ilk qadam bo‘lsa – hozircha boshqa qadamlar yo‘q – unda u bizga bu jarayon qanday kechishini tushuntirib bersin. Ishonchim komilki, bizning tomonimiz, AQSH va Ukraina har qanday urush harakatlarini kamaytirish bo‘yicha choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz bunday qadamlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, Rossiyaning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifidan de-fakto voz kechganiga ham izoh berdi.
“Men Prezident Tramp Putin nimani istayotganini tushunib yetishini juda xohlardim. Putin Zaporoje yo‘nalishida, sharqda, Xarkov va Sumi yo‘nalishlarida bir nechta hujum operatsiyalarini amalga oshirishni rejalashtiryapti. Nega? Ukraina ustidan maksimal bosim o‘tkazib, shundan keyin kuch pozitsiyasidan turib ultimatumlar qo‘yish uchun”, dedi Ukraina Prezidenti.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning Kursk viloyati bilan chegaradosh hududlardagi harbiylarining borligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi u yerda Kursk operatsiyasi zarur bo‘lgan muddat davomida qoladi.
Prezident Ukraina va Rossiya o‘rtasida bo‘ladigan mahbus almashinuvi bo‘yicha ham fikr bildirdi. Unga ko‘ra, bu boradagi ma’lumotlarni ilgari Ukraina Xavfsizlik xizmati va Ukraina Mudofaa vazirligining razvedka bosh boshqarmasi yetkazgan.
U Putinning Ukrainadagi safarbarlik haqida bergan bayonoti yuzasidan ham izoh bergan. Rossiya Prezidenti Ukrainada safarbarlik jarayonining to‘xtatilishi va armiyaning qayta qurollanishi Rossiyaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha talablaridan biri ekanini bildirgan edi.
“Safarbarlik, razvedka va qurollanish ortida aslida Ukraina armiyasini zaiflashtirish rejasi turibdi”, deya qayd etgan Zelenskiy.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Putin urush boshida qo‘ygan ultimatumlarini yangi shaklda takrorlamoqda.
“U atamani o‘zgartiryapti, lekin mazmuni o‘zgarmayapti. Ikkinchi eski hikoya – razvedka va qurollanish masalasi. U ko‘ryapti, AQSH bu borada chora ko‘rishi mumkin, shuning uchun aynan shuni ko‘taryapti, chunki buni amalga oshirish ehtimoli bor, deb biladi. Bularning barchasi Ukraina armiyasini zaiflashtirishga qaratilgan taktikalar”, deya ta’kidladi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, asosiy masala – shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish. Ukraina armiyasining hozirgi qurollanish darajasi haqida gapirar ekan, u mamlakatda jiddiy qurol tanqisligi yo‘qligini bildirgan.
“Dronlari bilan bog‘liq ba’zi muammolar bor, boshqa masalalar ham mavjud, lekin artilleriya yoki ba’zi minalar, tizimlar bo‘yicha hozircha bu muammolarni bartaraf etmoqdamiz. To‘g‘risini aytsam, bu boradagi ishlarni faollashtiryapmiz”, dedi Zelenskiy.
Uning fikricha, tinchlikka erishish Donald Tramp uchun ham muhim. Shu bilan birga, Zelenskiyning ta’kidlashicha, Amerika tinchlikni Putinning ko‘zlagan maqsadlaridan farqli ravishda ko‘radi.
“Putin iloji boricha oldinga yurishni, Ukrainaga maksimal darajada kirib borishni xohlaydi. U o‘zining koreys hamkorlari va Eron bilan birga Sumi va Xarkov viloyatlariga kirib borishni istaydi. Nega? Shunda bir nuqtada o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bilan Ukrainaga ultimatum qo‘yish uchun. Shuning uchun bu yerda Amerika kuchi, qat’iyatlilik va o‘z pozitsiyasini saqlab qolish juda muhim”, deya xulosa qilgan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 mart kuni Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Suhbat Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:00 da boshlangan va ikki yarim soat davom etgan. Muloqot davom etayotgan paytda Oq uy apparati rahbarining o‘rinbosari Den Skavino uni “yaxshi o‘tmoqda” deb ta’kidlagan. Muloqotda Donald Tramp tomonlar o‘rtasida 30 kun davomida energetika infratuzilmasiga zarba berishdan voz kechish taklifini ilgari surgan. Vladimir Putin bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirgan va Rossiya harbiylariga tegishli ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, ular Yaqin Sharq mintaqasini kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun hamkorlik maydoni sifatida muhokama qilgan hamda strategik qurollarning tarqalishini to‘xtatish zarurligini ta’kidlab, ushbu masalada keng qamrovli choralar ko‘rish uchun boshqa tomonlar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan.