Rossiya Ukraina bilan muzokaralar haqida ma’lumotga ega emas – Peskov

Olam

image

Kreml Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan AQSH-Ukraina muzokaralari natijasida 30 kunlik sulh joriy etish taklifining mohiyati haqidagi tafsilotlarni kutmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 12 mart kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Davlat kotibi Marko Rublio va AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Uolts ushbu muzokaralar haqida batafsil ma’lumot taqdim etishi kerak.

“Sezyapsizmi, siz biroz oldinga boryapsiz. Biz bunga shoshilmayapmiz. Kecha matbuot bilan suhbatda AQSH Davlat kotibi Marko Rublio va AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Uolts bizga Jiddadagi suhbatning mohiyati haqida batafsil ma’lumotni turli kanallar orqali yetkazishlarini aytdi”, degan Peskov.

Shuningdek, Kreml voizi OAV vakillariga bu borada shoshilmaslikni, 30 kunlik muzokaralar bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish uchun batafsil ma’lumotlar kerak bo‘lishini aytib o‘tgan.

Peskovning aytishicha, yaqin kunlarda amerikaliklar bilan muloqotlar rejalashtirilgan.

“Shu kunlarda amerikaliklar bilan aloqalar rejalashtirilgan va biz ularning to‘liq ma’lumotni taqdim etishini kutmoqdamiz”, degan Peskov.

U, shuningdek, telefon orqali Putin va Tramp o‘rtasida yuqori darajadagi suhbatning bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan.

“Bizda mavjud bo‘lgan dialog kanallari buni qisqa muddatda amalga oshirish imkonini beradi”, degan Kreml vakili.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda bunday telefon suhbatiga oid aniq kelishuv yoki Vashington tomonidan hech qanday so‘rov mavjud emas.

Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar sanasi va joyi haqida aniqlik bor-yo‘qligi haqida berilgan savolga esa Peskov rad javobi bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSH va Ukraina vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Ushbu muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi tarkibida Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak, Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Mudofaa vaziri Rustam Umarov va Prezidenti devoni rahbarining o‘rinbosari Pavel Palisa ishtirok etdi. AQSH delegatsiyasi tarkibida esa Davlat kotibi Marko Rubio va Prezident Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Uolts bor edi. Muzokaralardan so‘ng Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak agar Rossiya xuddi shunday qadamga rozi bo‘lsa, Ukraina AQSHning 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini Rossiya tomoniga yetkazishlarini va “to‘p endi Rossiya maydonida” ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Saudiya Arabistoni AQSh-Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing