Rossiya tojik-afg‘on chegarasidagi harbiylarini ko‘paytirdi
Olam
−
02 avgust 2021
5200Rossiya Federatsiyasi tojik-afg‘on chegarasida o‘tkazilayotgan qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashadigan harbiy xizmatchilar sonini 1,8 ming kishiga yetkazdi. Shuningdek, qo‘shma mashg‘ulotlar uchun jalb qilingan harbiy va maxsus texnika sonini ikki barobarga oshirdi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, Markaziy harbiy okrug 5-10 avgust kunlari tojik-afg‘on chegarasida O‘zbekiston va Tojikiston bilan o‘tkaziladigan qo‘shma mashg‘ulotlarda Rossiya harbiy kontingenti tarkibini ko‘paytirgan.
Ma’lum qilinishicha, tegishli qarorni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni Aleksandr Lapin qabul qilgan. Hammasi bo‘lib uch mamlakatdan 2,5 mingdan ziyod harbiy xizmatchi va 500 ga yaqin qurol va harbiy texnika jalb qilingan.
Aleksandr Lapinga ko‘ra, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan hududga bostirib kirgan noqonuniy qurolli tuzilmalar otryadlarini mag‘lub etish uchun uch davlat harbiylari jangovar harakatlarga tayyorgarlik ko‘radi.
Mashg‘ulotlarda Rossiya kontingentining asosini 201-harbiy baza harbiylari (Markaziy harbiy okrugning bir qismi) tashkil etadi. Mashg‘ulotlar uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda harbiylar uch mamlakat Qurolli Kuchlari qo‘shinlari qo‘shma guruhining terroristik tuzilmalarini yo‘q qilish bo‘yicha birgalikdagi operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rishadi. Ikkinchisida, mashg‘ulot o‘tkazilayotgan hududga bostirib kirgan shartli buzg‘unchi guruhlarini yo‘q qilish vazifalarini bajaradi va so‘ngi uchinchi bosqichda davlat chegarasini kesib o‘tgan radikal terrorchi guruhlarni yo‘q qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 200 dan ortiq askari qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashish uchun Tojikistonga borgani haqida xabar bergandik.
Shuningdek, joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Qayd etilishicha, avgust oyidagi harbiy mashg‘ulotlar O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Termiz shahri poligonlarida boshlangan. Sentyabr oyidagi esa Qirg‘izistonning “Edelveys” o‘quv markazi bazasida bo‘ladi.
LiveBarchasi