Rossiya “Tolibon”ning SHHTdagi ishtirokini qo‘llaydi
Olam
−
06 iyul 2023
4838Rossiya tomoni Afg‘oniston Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) loyihalarida ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya Prezidentining SHHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimov ma’lum qildi.
“Afg‘oniston barcha umumiy loyihalarda ishtirok etishi kerak – bu aniq. Bu davlat ishtirokisiz transport aloqalarini ham, yirik energetika loyihalarini ham rivojlantirish mumkin emas”, degan Hakimov.
Rossiya Prezidentining maxsus vakili Afg‘oniston SHHTda kuzatuvchi davlat sifatida qolayotganiga e’tibor qaratgan va tashkilotga hukumat emas, davlat qabul qilinganini ta’kidlagan.
Aytish joizki, Afg‘onistonni 2021 yildan beri terrorchilik faoliyati uchun xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan, Rossiya Federatsiyasining o‘zida ham terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan “Tolibon” harakati nazorat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2005 yilda tuzilgan SHHT-Afg‘oniston aloqa guruhi hozirda ishlamayapti, chunki jahon hamjamiyati Afg‘oniston hukumatini tan olmaydi. Bu Qobulning SHHTning mintaqaviy loyihalari, masalan, Turkmanistondan Hindistonga TAPI gaz quvuri, shuningdek, CASA-1000 elektr uzatish liniyalari qurilishi bilan bog‘lanishini murakkablashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 iyul kuni “Tolibon” Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan SHHTning navbatdagi sammitida ishtirok etish istagini bildirgan edi. Harakat SHHTda uning mavjudligini "asosiy huquq, yo‘qligini esa umumiy hamkorlikka to‘siq" deb bilishini ta’kidladi.
LiveBarchasi