Rossiya “Tolibon” Afg‘onistonni to‘liq egallab olishiga tayyor ekanini ma’lum qildi
Olam
−
29 iyul 2021
13721Rossiya “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olish ssenariysiga tayyor, biroq rasmiy Moskva voqealarning bunday rivoj olishiga ishonmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov aytib o‘tdi.
“Birinchidan, bunday ssenariy yuz berishiga ishonmaymiz, ammo har xil ssenariylarga tayyormiz. Tahlilimizda turli xil variantlarni ishlab chiqdik va hisobga oldik”, deydi Putinning maxsus vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar har qanday holatda ham Afg‘oniston hududining yarmidan ko‘pini nazorat qilmoqda. Amerikaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonning 417 ta provinsiyasining 200 dan ortig‘i toliblar boshqaruvida.
O‘z navbatida, harakat vakillari mamlakat hududining 85 foizi, chegaralarning 90 foizini nazoratiga olganini ta’kidlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” harakati jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuv davom etmoqda. Buning fonida Rossiya Tojikistondagi bazasidan harbiy kontingentni Afg‘oniston yaqinidagi poligonga ko‘chirdi. Qayd etish kerakki, joriy yil 30 iyuldan 10 avgustgacha Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida ham mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi