Rossiya Afg‘onistondagi keskinlik sabab Tojikistonga qurol-yarog‘ yubordi
Olam
−
29 iyul 2021
5442Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashishi ortiqdan Tojikistonga qo‘shimcha qurol-yarog‘ va texnikalar yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Qurollar beg‘araz taqdim etildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Tojikiston Mudofaa idorasi rahbari Sherali Mirzo bilan muzokaralar vaqtida aytib o‘tgan.
RF Mudofaa vaziri Moskva mojaroni bartaraf qilish uchun Dushanbega har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
“Tojikiston armiyasini jihozlash uchun qo‘shimcha rus qurollari va texnikalarini bepul yetkazib berish tashkil etildi”, degan Shoygu.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya harbiylari Tojikistonga malakali harbiy kadrlar tayyorlashda ham yordam bermoqda. Ofitserlar Rossiyaning ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarida va Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasida tayyorlanmoqda. Rossiyaning chet eldagi eng yirik harbiy ob’ekti hisoblanadigan mazkur harbiy baza Dushanbe va Bo‘xtar shaharlarida joylashgan.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy kuchlari ushbu bazaning jangovar salohiyatiga e’tiborni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar Afg‘onistondan jangarilar kirib kelishining oldini olish uchun birgalikda tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Avvalroq Shoygu Afg‘onistondagi keskin vaziyat Tojikiston xavfsizligiga tahdid solsa, Rossiya ittifoqchisiga yordam berishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi