Rossiya terrorizmga qarshi kurashda “Tolibon”ga yordam bermoqchi
Olam
−
03 may 3858 2 daqiqa
Rossiya Afg‘onistonda terrorizmga qarshi kurashda “Tolibon”ga ixtisoslashgan tuzilmalar orqali yordam berishga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ma’lum qildi.
Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Oliy sudining “Tolibon” harakati faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori Qobul bilan to‘laqonli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, terrorchilik tahdidiga qarshi kurashish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashladi.
Ma’lumot uchun, 2001 yilda 11 sentyabr xurujlari ortidan AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga bostirib kirdi. 2003 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Shu bilan birga, Rossiya Oliy sudi “Tolibon”ni terrorchi tashkilot deb tan oldi va mamlakat hududida uning faoliyatini taqiqladi. 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi va “Tolibon” jangsiz Kobulga kirdi. Bir oy o‘tgach, Amerika qo‘shinlari mamlakatni butunlay tark etdi. 2021 yilning sentyabr oyida “Tolibon” Afg‘oniston hukumati tarkibini e’lon qildi. 2021 yilning oktyabr oyida Vladimir Putin Rossiya “Tolibon”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish qaroriga yaqinlashayotganini aytib, buni birinchi navbatda BMT Xavfsizlik Kengashi qilishi kerakligini ta’kidlagandi. 2024 yilning dekabr oyida Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi qonunga xilof faoliyatini to‘xtatgan tashkilotni, jumladan “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish mexanizmini joriy qiluvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorlik tufayli 2023 yil dekabrida “Tolibon” guruhini terrorchilar ro‘yxatidan chiqargani haqida xabar berilgandi. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etishdan iborat. Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Qirg‘iziston “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentyabrdagi qarori bilan “Tolibon” Qirg‘izistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingandi.
Live
Barchasi