Rossiya so‘zida turishi kerak yoxud Zelenskiy Erdo‘g‘anning oldiga nega boryapti?
Tahlil
−
06 iyul 2023
17549Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ertaga, 7 iyul kuni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Istanbulga borishi haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, ikki davlat rahbari ertangi uchrashuvda nimalarni muhokama qiladi? Quyida shu haqda ma’lumot beramiz.
Litva poytaxti Vilnyus shahrida 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitidan avval Erdo‘g‘an va Zelenskiy o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Tashrif doirasida ikki davlat rahbari yuzma-yuz hamda delegatsiyalar miqyosida uchrashuvlar o‘tkazadi. Uchrashuvlarda Rossiya-Ukraina urushi bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlar, 17 iyul kuni tugaydigan Don yo‘lagi kelishuvi va ikki davlat munosabatlari masalalari muhokama qilinadi.
Don kelishuvi 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan jahon bozorida donning eng yirik eksportchilaridan biri bo‘lgan Ukrainaning mahsulot yetkazib berish imkoniyati cheklanishi va buning oqibatida don narxining oshishi hamda qashshoq mamlakatlarda ocharchilik xavfining ortishi sababli tuzilgan. Undan maqsad Qora dengiz bo‘ylab xavfsiz ravishda don tashishni amalga oshirish hisoblanadi. Oziq-ovqat ta’minotidagi muammoni hal qilish uchun o‘tgan yilning aprel oyida Turkiya mezbonligida va Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlovi bilan Don yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar boshlangan va 2022 yilning 22 iyul kuni bu bo‘yicha 120 kunlik kelishuvga erishilgandi.
Mazkur kelishuv 2022 yilning 19 noyabriga qadar davom etishi belgilangan edi. Biroq Rossiya Qora dengizdagi kemalari dron hujumiga uchraganini da’vo qilib, kelishuvni bir necha kunga to‘xtatib qo‘ydi. Keyinroq muzokaralardan so‘ng yana unga qaytganini e’lon qildi. Don kelishuvi 2022 yilning 17 noyabr kuni yana 120 kunga, 2023 yilning mart oyida esa 90 kunga uzaytirilib, 2023 yil 17 iyulga qadar cho‘zilgani ma’lum qilindi. Ammo Rossiya so‘nggi paytlarda mazkur kelishuvni uzaytirishga “sabab ko‘rmayotganini” ta’kidlab kelmoqda.
Rossiya Don kelishuvi tufayli tashilayotgan zaruriy oziq-ovqat haqiqatda bunga muhtoj bo‘lgan davlatlarga emas, dunyoning eng boy mamlakatlariga jo‘natilayotganini da’vo qilyapti. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Qora dengizdagi yo‘lak orqali tashilayotgan don adolatsiz taqsimlanmoqda.
“BMTdagi G‘arbning tarafdorlari rahbarlik qiladigan yo‘nalishlarda nimalar sodir bo‘layotganiga misol keltiraman. Don kelishuvi. Ochlarni boqish uchun boshlangan harakat. Bugungi kunda kambag‘al davlatlar undan qancha ulush olgan deb o‘ylaysiz? Yaman, Sudan, Afg‘oniston, Efiopiya, Somali kabi haqiqatdan ham muhtoj davlatlar. Ularga qancha yetkazib beriladi? Sizga aytaman – 2,5 foiz! Ikki yarim foiz bu mamlakatlarga eng kambag‘allarga yetkazib berilgani aytilayotgan miqdordan ketgan. Va umumiy hajmning 81 foizi o‘rtacha daromad darajasi yuqori va eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarga yuborildi. Bularning barchasi esa BMT homiyligida bo‘lmoqda. Axir, BMT Bosh kotibining o‘zi aytganidek, bu uning shaxsiy tashabbusi, hammasini u o‘ylab topgan va qo‘lda boshqaryapti”, deydi Zaxarova “Sputnik” radiosi efirida.
Zaxarovaning fikricha, Rossiyada shunday ma’lumotlar bor. Fransiyaning “Le Monde” nashri ham bu haqda yozgan.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumaklining ma’lum qilishicha, Anqara, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligida don yo‘lagi kelishuvini uzaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettiradi. U bu haqda Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiy bilan telefon suhbatida ham gaplashib olgan.
“Qora dengiz g‘alla tashabbusi bizning sa’y-harakatlarimizning aniq va muvaffaqiyatli namunasidir. Mamlakatimiz barcha muammolarga qaramay, ushbu tashabbusni amalga oshirish va uning muddatlarini uzaytirishda yetakchi va asosiy rol o‘ynadi”, deydi Yumakli.
Uning qayd etishicha, Don yo‘lagi tufayli xalqaro bozorlarda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan don narxi barqarorlashgan. Jahon bozoriga chiqqan qariyb 33 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi ehtiyojmandlarga yetkazib berilgan.
Qo‘shma Shtatlar esa Rossiyani don shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va uni uzaytirishga chaqirmoqda. Tegishli videomurojaat AQSH Davlat departamentining ijtimoiy tarmoqlardagi saytida e’lon qilindi.
AQSH departamentining ta’kidlashicha, Rossiya ba’zida donni jo‘natishni bir necha oyga to‘xtatib qo‘yadi yoki kechiktiradi.
“Bunday harakatlar Qora dengiz don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Millionlab muhtoj odamlar oziq-ovqat xavfsizligi tahdid ostida”, deyiladi murojaatda.
AQSH Davlat departamenti ham o‘z murojaatida Rossiya kelishuv bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini va uning amal qilish muddatini uzaytirishini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, departament oziq-ovqat taqchilligi oziq-ovqat narxlarining tez o‘sishiga olib kelishiga e’tibor qaratgan. “Kreml o‘z so‘zida turishi kerak”, deb ta’kidladi Davlat departamenti.
Statistikaga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli global oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi oqibatida dunyo bo‘yicha 47 million odam ocharchilik xavfi ostida qolgan. Urush eng ko‘p import g‘alla va yonilg‘iga bog‘liq bo‘lgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining rivojlanayotgan davlatlariga ta’sir qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin va Zelenskiy iyun oyining boshlarida, Erdo‘g‘anning inauguratsiya marosimidan so‘ng birin-ketin Turkiyaga tashrif bilan borishi ma’lum qilingandi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, mazkur tashriflar iyun oyida amalga oshmadi.
LiveBarchasi