Rossiya Suriyaning yangi hukumatiga birinchi marta neft yetkazib berdi
Olam
−
22 mart
2786Suriya Rossiyadan neft va dizel yoqilg‘isi ortiladigan tankerlarni qabul qildi. Bu Bashar Asad ag‘darilgandan keyin mamlakatga yetkazilgan ilk neft partiyasi hisoblanadi. Bu haqda “Sana” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 21 mart kuni tunda Baniyas dengiz terminaliga birinchi neft tankeri yetib kelgan. Baniyas O‘rtayer dengizi sohilida joylashgan bo‘lib, Suriyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) hisoblanadi va neft mahsulotlari bilan ishlaydigan elektr stansiyasi shu yerda joylashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Aquatica nomli tanker 99 771 tonna neft bilan yetib kelgan. U Greenpeace tomonidan kuzatilayotgan Rossiyaning “soya floti” ro‘yxatiga kiruvchi kemalardan biri hisoblanadi.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, 25 mart kuni yana bir Sakina nomli tanker Baniyasga yetib kelishi kutilmoqda. U ham taxminan 100 000 tonna Rossiya neftini olib kelmoqda. Har ikkala kema fevral oyida Murmanskda yuklangan.
Ma’lumot uchun, Suriyada fuqarolar urushiga qadar davlat daromadlarining muhim qismini neft eksporti tashkil qilgan. O‘sha paytlarda mamlakat kuniga 380 000 barrel neft qazib olgan. Biroq 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 9,5 barobar kamaygan.
Bashar Asad hukmronligi davrida hukumat neftni asosan Eron orqali Baniyas portiga olib kelardi. Biroq Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, bu yetkazib berish tizimi to‘xtatilgan.
“Reuters” xabariga ko‘ra, Damashq hozir xalqaro yetkazib beruvchilarni topishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Chunki AQSH va Yevropa Ittifoqi Asad hukmronligi davrida Suriyaga neft yetkazib berishga sanksiyalar qo‘ygan edi. Yaqinda bu cheklovlar yumshatilgan bo‘lsa-da, xalqaro neft treyderlari hali ham sanksiyalar va moliyaviy xavflardan qo‘rqib, Damashq bilan ishlashga shoshilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya o‘tish davri hukumati moliya vazirligi Rossiya, Eron va Isroil tovarlari importini taqiqlagan edi. Bildirilishicha, bu qaror Suriyaga boshqa mamlakatlar, jumladan, AQSHdan keladigan import oqimiga yo‘l ochgan. Shu bilan birga, qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xomashyo importini yengillashtirish, iqtisodiy faollikni oshirish va rag‘batlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi ekanligi aytilgan.
LiveBarchasi
24 mart
Do‘rmonga o‘t ketdi.
24 mart