Rossiya sudi amerikalik jurnalistning hibsdagi muddatini uzaytirdi
Olam
−
24 avgust 2023
3648Moskvaning Lefortovskiy tuman sudi “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovichni hibsda qolish muddatini uzaytirdi. Bu haqda bugun, 24 avgust kuni sud matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, jurnalistni hibsda saqlash muddati uch oyga, ya’ni 2023 yilning 30 noyabrigacha uzaytirilgan. Jinoyat ishi materiallari maxfiy bo‘lganligi sababli majlis yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan.
Qayd etish joizki, o‘tgan safar joriy yilning 22 iyun kuni Moskva shahar sudi Gershkovichni hibsda saqlash muddatini 30 avgustgacha uzaytirishga qaror qilgan. Gershkovich esa aybini tan olishdan bosh tortgani va o‘zining aybsizligini isbotlashga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Gershkovich 31 yoshda va u AQSH fuqarosi. Hibsga olinishidan oldin so‘nggi olti yil davomida u Moskvada yashagan va WSJ muxbiri sifatida Rossiya va Ukrainadagi vaziyatni yoritgan. 30 mart kuni u Yekaterinburgda hibsga olingan va unga Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. FXX ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist AQSH ko‘rsatmasi bilan Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan biri haqida ma’lumot to‘plagan. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerika nashri xodimi “jinoyat ustida ushlangan”ini aytgan. AQSH Prezidenti Jo Bayden Gershkovichni ozod qilishni talab qilgan. Iyul oyida Vashington va Moskva mahbuslarni, jumladan WSJ jurnalistini almashish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarga maxsus kanal orqali nodavlat professional muloqotda ushbu masalaga e’tibor qaratishni taklif qilgan.