Rossiya Somalining qarzlaridan kechib yubordi

Olam

image

G‘arbga qarshi turish uchun ishonchli ittifoqchilar izlayotgan Rossiya Somalining qarzlaridan bir qismini bekor qildi. Bu haqda Sankt-Peterburgda o‘tayotgan Rossiya-Afrika sammitida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Somalining qarzlarini qisman bekor qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Somali Bosh vaziri o‘rinbosari Salah Ahmad Jamaning so‘zlariga ko‘ra, umumiy qiymati 691 million dollar bo‘lgan qarzlar bo‘yicha "ikkita tarixiy hujjat" imzolangan. Ulardan biri SSSR davridan qolgan qarzga tegishli – 1961 yilda Somali Markaziy banki hisoblarida to‘sib qo‘yilgan 7,5 million dollar bo‘lsa, ikkinchisi – Somalining Parij kreditorlar klubi oldidagi majburiyatlari.

Ta’kidlanishicha, qarzlarning bir qismi darhol hisobdan chiqariladi. Qolgan qismi uchun esa Rossiya yangi to‘lov jadvaliga rozi bo‘lgan.

“Ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng, nihoyat, Somali uchun juda muhim bo‘lgan ushbu ikki hujjatni imzolashga muvaffaq bo‘lganimizdan juda mamnunmiz. Biz Rossiya va uning xalqiga minnatdorchilik bildiramiz. Bu juda katta mablag‘ va [hujjatlarning imzolanishi] moliyaviy va pul-kredit siyosatimizni to‘g‘rilash maqsadimizga yaqinlashtiradi”, deydi Ahmad Jama.

Somali Bosh vaziri o‘rinbosari ushbu ikki hujjatning imzolanishini “Rossiya va Somali munosabatlaridagi tarixiy lahza”, deb atagan.

Umuman olganda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning mart oyida Afrika mamlakatlarining umumiy hisobda 20 milliard dollarlik qarzlaridan voz kechilganini e’lon qilgandi. Jumladan, Angolaning SSSRdan qurol sotib olish natijasida kelib chiqqan 3,5 milliard dollar, Efiopiyaning 5 milliard, Jazoirning 5,7 milliard, Liviyaning 4,5 milliard dollar qarzidan kechilgan.

Rossiya hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakat xorijiy davlatlar va yuridik shaxslardan atigi 33,8 milliard rubl (376 million dollar) qarzdorlikni undirgan.

2021 yilga nisbatan tushumlar 3,3 barobar kamaygan va ularning umumiy hajmi 2012 yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushgan. Shu bilan birga, qarzlarni to‘lash rejasi (138,5 milliard rubl) atigi 24 foizga bajarilgan. Boshqacha aytganda, bu miqdorning to‘rtdan uch qismi, ya’ni 100 milliard rubldan ko‘prog‘i byudjetga tushmagan.

Rossiyaga “do‘st” bo‘lgan davlatlarga va xorijiy loyihalar uchun ajratilgan kredit mablag‘larning qaytarib olinmasligiga mamlakat Moliya vazirligi, Markaziy banki, hukumat va barcha yirik davlat banklariga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar sabab bo‘lgan.

Rossiya-Afrika sammiti

27-28 iyul kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan sammitda asosiy masala Afrika mamlakatlarining oziq-ovqat xavfsizligi mavzusi bo‘lmoqda. Ushbu sammit Rossiya Qora dengiz don yo‘lagi kelishuvidan chiqqanidan o‘n kun o‘tib o‘tkazilayotgani e’tiborga molik. Ko‘pchilik tahlilchilar tomonidan Rossiya bu sammit orqali o‘zining Afrika qit’asidagi ta’sirini kengaytirishni maqsad qilgani aytilmoqda. Biroq, 2019 yilda Sochida bo‘lib o‘tgan xuddi shunday sammitdan farqli o‘laroq, bu safar Rossiyaga bor-yo‘g‘i 17 ta davlat rahbari tashrif buyurdi. To‘rt yil avval unda 43 nafar davlat rahbari qatnashgan. Rossiya bu galgi sammitga bir qancha Afrika yetakchilarining tashrif buyurmaganida G‘arbni ularga nisbatan bosim o‘tkazish va shu orqali Sankt-Peterburgdagi sammitni sabotaj qilishda aybladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Afrika davlatlarini birgalikda AQSH dollaridan voz kechishga chaqirgandi. Shuningdek, Putin Rossiya yaqin 3-4 oy ichida Afrikaning ayrim davlatlariga 25-30 ming tonna donni tekinga yetkazib berishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Somali qarzlar Rossiya-Afrika sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing