Hindiston Rossiyadan atom suvosti kemasini ijaraga oladi
Olam
−
04 dekabr 2447 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi arafasida hindistonlik rasmiylar Rossiyadan atom suvosti kemasini ijaraga olish bo‘yicha bir necha yillardan beri davom etayotgan muzokaralarni nihoyasiga yetkazdi. Bu haqda vaziyatga yaqin manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, muzokaralar qariyb o‘n yil davom etgan, chunki tomonlar shu paytgacha narx borasida kelisholmagan. Endi esa Hindiston kemani 10 yilga 2 milliard dollar evaziga ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Narx shartnoma amal qiladigan muddat davomida texnik xizmat ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi. Kema yadro raketalarini tashishga qodir, biroq shartnomaga ko‘ra, undan urushda foydalanish mumkin emas.
Hindistonga atom suvosti kemasi o‘z dengizchilari uchun tayyorgarlik ko‘rish va o‘z flotining atom kemalari bilan operatsiyalar tashkil qilishni o‘rganish uchun zarur. Mamlakatda hozirda ikkita atom suvosti kemasi bor, biroq Rossiyadan olinadigan kema ulardan kattaroq bo‘ladi. Bunday flotni rivojlantirish Hindistonga yadro triadasini – quruqlik, suv va havo orqali yadro zarbasi bera olish qobiliyatini shakllantirish imkonini beradi.
Kema ikki yil ichida yetkazib berilishi kutilmoqda, biroq loyiha murakkabligi sababli muddat kechikishi mumkin. Bungacha ham Hindiston Rossiyadan suvosti kemasini ijaraga olgan va u 2021 yilda qaytarib berilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidenti bugun, 4 dekabr kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan Hindistonga boradi. Safar doirasida u mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazadi va Rossiya-Hindiston biznes-forumida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Vladimir Putin “Poseydon” nomli ekipajsiz suvosti apparatini sinovdan o‘tkazgan edi.
Live
Barchasi