Rossiya sobiq bosh vazirini ham ayamadi. Kasyanov ham “xorijiy agent”ga aylandi
Olam
−
25 noyabr 2023
7111Siyosatchi va mamlakatning sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Rossiyada "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda RF Adliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning bayonotida keltirilishicha, Kasyanov "xorijiy agentlar" materiallarini yaratish va tarqatishda ishtirok etgan. Shuningdek, Rossiya hukumati qarorlari haqida "noto‘g‘ri ma’lumotlar" tarqatgan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi chiqqan va "xorijiy tuzilmalar tomonidan taqdim etilgan axborot platformalarida respondent sifatida ishtirok etgan".
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Kasyanov 2000 yilning may oyidan boshlab, 2004 yilning fevraligacha Rossiya hukumati raisi lavozimida ishlagan.
Xo‘sh, Rossiyada "xorijiy agent"larga qarshi qanday taqiqlar kuchga kirgan?
2022 yildan boshlab, bunday shaxslarga dars berish, axborot mahsulotlari yaratish, ommaviy tadbirlar tashkil etish, saylov komissiyasi a’zosi bo‘lish taqiqlandi. 2022 yil oxiridan boshlab Adliya vazirligi xorijiy agentlarning yagona reyestrini yuritib kelmoqda.
2023 yilda Vladimir Putin xorijiy agentlar haqidagi qonunni kuchaytiruvchi yana bir qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligi xorijiy agentlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarga qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymasligi to‘g‘risida ogohlantirish berishi mumkin. Ushbu shaxslarga nisbatan Adliya vazirligi tomonidan rejadan tashqari tekshiruv o‘tkazilishi ham mumkin. Adliya vazirligining qonunbuzarliklarni bartaraf etish talablariga rioya qilmaganligi uchun fuqarolar 50 ming rublgacha, mansabdor shaxslar 100 ming rublgacha va yuridik shaxslar 300 ming rublgacha jarimaga tortiladi.
LiveBarchasi