Rossiya samolyotlari 6 oyda o‘z hududiga 94 ta bombani tushirib yubordi

Olam

image

Joriy yil boshidan beri Rossiya Harbiy-havo kuchlari samolyotlari o‘z hududiga jami 94 ta aviabomba (87 ta oddiy va 7 ta aqlli bomba) hamda 3 ta raketa tashlab yuborgan. Bu haqda “Astra” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bunday holatlar Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan chegaradosh hududlarida va Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Ukraina viloyatlarida qayd etilgan. So‘nggi hodisa joriy yilning 21 iyun kuni Donetsk viloyatining Kalmius tumanidagi Dokuchayevsk shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Bu hudud 2014 yilning aprelidan beri DNR kuchlari nazorati ostida. Rossiya samolyotidan og‘irligi 500 kilogramm bo‘lgan FAB-500 bombasi favqulodda holatda tushib ketgan. Oqibatda Yangi Olenovka posyolkasidagi Severnaya ko‘chasida joylashgan to‘rtta xonadonning tomlari teshilib, derazalari sinib ketgan. Hech kim jabrlanmagan.

Bundan ikki hafta oldin, 11 iyun kuni xuddi shunday bomba Kursk viloyatining Dolgiy Kolodez qishlog‘ida bog‘ hududiga tushgan va katta chuqur hosil qilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2 iyundan 21 iyungacha bo‘lgan davrda Rossiya harbiy samolyotlari chegaraga yaqin hududlarda kamida 10 ta bombani tushirib yuborgan. Xususan, ikki bomba Debalsevo (Donetsk viloyati) yaqiniga, yana ikkitasi Makeyevka atrofiga, ikkitasi Belgorod viloyatiga va Lugansk viloyatidagi Chernuxino posyolkasiga, qolganlari esa Volnovaxa tumani va Yasinovataya atrofidagi hududlarga tushgan.

Bundan oldin, joriy yilning 17 mart kuni Rossiya samolyotlari Belogorod viloyatiga bir kunda to‘rtta bomba tushirib yuborgan. Bu bombalardan biri Shirokiy ferma xo‘jaligi yaqinida, biri Moshenoye qishlog‘idan bir yarim kilometr uzoqlikda, yana biri Seretino qishlog‘i atrofida, yana biri esa Artelnoye qishlog‘idan 800 metr narida aniqlangan.

2024 yil davomida esa Rossiya hududlariga va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina yerlariga kamida 165 ta bomba tushib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiy-havo kuchlariga qarashli qiruvchi samolyot texnik nosozlik sababli G‘azo sektori yaqinidagi o‘z hududiga bomba tashlagan edi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Mahalliy rasmiylar bomba dehqonchilik uchun foydalaniladigan yerga tushganini bildirgan.  

Shuningdek, oldinroq ham Janubiy Koreyaning Pocheon shahri yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlar paytida qiruvchi samolyotlar tomonidan tashlangan bombalar tinch aholi punktiga tushib, uylar va cherkovga zarar yetkazgan edi. Geonggi-do Bukbu yong‘in xavfsizligi xizmati bayonotida 15 kishi yaralangani, ulardan ikki nafari og‘ir jarohatlangani aytilgan. Ushbu voqeada KF-16 samolyotlaridan sakkizta 225 kilogrammli Mk82 bombasi qo‘shma jonli o‘q otish mashqlari paytida o‘q otish maydonchasi tashqarisiga tushib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya aviabomba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing