Rossiya raketasini uchirgan Qozog‘istondagi kosmodromga zarar yetdi
Olam
−
28 noyabr 2025 7682 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiyaning “Soyuz MS-28” kosmik kemasi Qozog‘istondagi Bayqo‘ng‘ir kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga uchirilgani xabar qilingandi. Raketa uchirilishi vaqtida inson boshqaruvidagi parvozlar uchun mo‘ljallangan yagona start majmuasi jiddiy zararlandi. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.
Qayd etilishicha, parvozdan keyingi tekshiruvda raketaning birinchi bosqich dvigatelidan chiqqan kuchli gaz oqimi 31-maydonchadagi 6-uchirish majmuasining bir qismini uzib ketgani aniqlangan. Gap xizmat ko‘rsatish kabinasi haqida bormoqda. Bu start inshooti ostida joylashgan harakatlanuvchi texnik konstruksiya bo‘lib, raketaning orqa qismi bilan bog‘liq ishlar – kommunikatsiyalarni ulash, dvigatellarni ishga tushirish uchun pirotexnik moslamalarni o‘rnatish – aynan shu yerda amalga oshiriladi.
Kabinadagi ish maydonchalari ustunlar bo‘ylab porshenlar yordamida ko‘tariladi va tushiriladi. Uchirishdan oldin esa u yig‘ilib, relslar orqali maxsus joyga chetlashtiriladi. Tashqi tomondan uni metall himoya pardasi yopadi, bu parda taxminan 2000°C haroratdagi reaktiv chiqindi gaz ta’siriga uchraydi.
Avariya oqibatida ekipaj a’zolari jarohatlanmagan, biroq start majmuasi ta’mirlashga muhtoj. Shuningdek, reaktiv oqim kabel-yonilg‘i ustunlaridan birini uzib ketgan. Hozirda Rossiyaning boshqa zaxira uchirish maydonchalari mavjud emas, qolganlari faqat yuk tashuvchi missiyalar uchun mo‘ljallangan.
Mutaxassislarning baholashicha, start maydonchasini tiklash ishlari ikki yilgacha cho‘zilishi mumkin. Biroq “Roskosmos” shikastlanishlar yaqin vaqt ichida bartaraf etilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orion kosmik kemasi AQSHning Florida shtatidagi Kennedi nomidagi kosmik markazda SLS (Space Launch System) superog‘ir raketasi bilan birlashtirilib, Artemis II missiyasi uchun tayyor holga keltirilgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi