Rossiya Ozarbayjon harbiylari Qorabog‘ hududiga kirganini aytdi. Baku Moskvaga javob qildi

Olam

image

Ozarbayjon harbiylari  Tog‘li Qorabog‘ hududiga kirdi, buning uchun Rossiya Federatsiyasi tinchlikparvar kontingenti javobgar bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligiga asoslanib, “Izvestiya” nashri xabar berdi.

“24-25 mart kunlari Ozarbayjon Respublikasi harbiylari Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonoti qoidalarini buzgan holda, Rossiya tinchlikparvar kontingentining javobgarlik zonasiga kirdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon Furux shahri yaqinidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘linmalariga to‘rt marta zarba bergan. Otishma Turkiyaning Bayraktar TB-2 uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirilgan. 

Rossiya Bakuni qo‘shinlarini olib chiqib ketishga va tan olinmagan respublikada harbiy holat joriy etishga chaqirgan. Ayni damda tinchlikparvar kuchlar vaziyatni bartaraf etish va qo‘shinlarni dastlabki pozitsiyalariga qaytarishga harakat qilmoqda.

Nashrga ko‘ra, joriy yilning 25 mart kuni Ozarbayjon tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ikki harbiy xizmatchisi halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan edi. Armaniston Tashqi ishlar vazirligi kecha, 26 mart kuni Ozarbayjon harbiylari Rossiya tinchlikparvar missiyasi mas’uliyat zonasida to‘qnashuv chizig‘ini buzib, Parux qishlog‘ini egallab olgani haqida xabar bergan. 

O‘z navbatida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Tog‘li Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashtirilgan hududda qurolli hodisa ro‘y bergani haqidagi xabarlarni rad etdi. 

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, kecha, 26 mart kuni ertalab noqonuniy arman qurolli kuchlari a’zolari Ozarbayjon armiyasiga hujum qilishga uringan. Zudlik bilan amalga oshirilgan harakat noqonuniy arman harbiylarini a’zolarini tark etishga majbur qilgan. 

Vazirlik Ozarbayjon 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotga sodiqligini va hech qanday muddatni buzmaganligini ta’kidlagan. 

“Ushbu deklaratsiyaning 4-bo‘limiga muvofiq, Armaniston armiyasi va noqonuniy arman qurolli kuchlarining qoldiqlari haligacha Ozarbayjondan to‘liq olib chiqilmagan. Shuning uchun deklaratsiya shartlarini Ozarbayjon emas, Armaniston buzmoqda”, deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida harbiy holat joriy qilingani haqida xabar bergandik.

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

534

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing