Rossiya Odessaga zarba berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiya kecha, 17 iyul kuni Ukrainaning Qora dengiz bo‘yidagi ikki port shahriga hujum uyushtirdi. Oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina rasmiylari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mikolayiv shahri port infratuzilmasiga dronlar orqali qilingan hujum oqibatida xorij bayrog‘i ostida qatnovchi uchta fuqarolik kemasiga zarar yetgan. Dastlabki hujumlardan birida chet el kemasi bortida bo‘lgan ikki nafar ukrainalik halok bo‘lgan.

Ukrainaning eng yirik dengiz porti joylashgan Odessa shahridagi yana bir hujum oqibatida esa bir kishi halok bo‘lgan. Odessa viloyati gubernatori Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, keyinroq Rossiya hujumi Marshall orollari bayrog‘i ostida yuruvchi kemaga ham zarba bergan. Hodisa oqibatida kema shikastlangan, yong‘in chiqqan va ekipajning 17 a’zosidan to‘rt nafari jarohat olgan. Barcha ekipaj a’zolari evakuatsiya qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘z kuchlari Odessa va Chernomorsk portlaridagi Ukraina ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qilgan.

Ukraina dengiz portlari ma’muriyatining bildirishicha, Rossiya iyul oyi davomida Ukraina portlari va fuqarolik kemalariga bir necha marta hujum qilib, 11 kishining, jumladan, port xodimlari va xorijlik dengizchilarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Treyderlar va tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi hujumlar don eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Don yuklamalari qisman to‘xtagan, port terminallarida esa don xaridlari deyarli butunlay to‘xtab qolgan. 16 iyul kuni kechqurun Odessada turarjoy binosiga berilgan raketa zarbasi oqibatida ham ikki kishi halok bo‘lib, bir necha kishi jarohatlangan.

“Bunday holat hech qachon bo‘lmagandi. Havo hujumi xavfi haqidagi ogohlantirishlar juda ko‘p. Deyarli biri tugashi bilan yana biri boshlanyapti”, degan Odessa shahrida yashovchi Viktoriya ismli ayol.

Shu bilan birga, Ukraina ham Rossiyaning harbiy logistikasiga qarshi zarbalarni davom ettirmoqda. Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdining aytishicha, kecha, 17 iyul kuni Qora dengizda yana 12 ta Rossiya kemasiga zarba berilgan. Uning ma’lum qilishicha, iyul oyi davomida Azov va Qora dengizlarda zarba berilgan Rossiya kemalari soni 159 taga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlaridagi logistika markazlariga hujum qilishi oqibatda kamida 7 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing