Rossiya Odessaga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
18 noyabr
6279Bugun, 18 noyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Odessaga raketa zarbasi berdi. Oqibatda 10 kishi halok bo‘lgan, 39 kishi yaralangan. Bu haqda Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, zarba oqibatida shaharda fuqarolik infratuzilmasi, shu jumladan, turarjoy binolariga ziyon yetgan, 10 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 7 nafar politsiya xodimi, 1 nafar tibbiyot xodimi va 2 nafar fuqaro mavjud. 39 kishi, jumladan, 4 bola jarohat olgan.
“Odessada rossiyaliklar fuqarolik infratuzilmasiga maqsadli zarba berdi. Qotillar endi o‘z niyatlarini yashirmayapti”, dedi Ukraina Prezidenti idorasi rahbari Andrey Yermak.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya tomonidan Odessaga yo‘naltirilgan ballistik zarbasi oqibatida avtomobillar turargohi, ko‘p qavatli uy, universitet va ma’muriy binoga zarar yetgan.
“Bu tasodifiy zarbalar emas – namoyishkorona zarbalar. Putin bilan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar va uchrashuvlardan keyin, zarbalardan “voz kechish” haqidagi barcha yolg‘on mish-mishlardan so‘ng Rossiyaning haqiqatan nimadan manfaatdor ekani ayon”, dedi Vladimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rossiya armiyasi Odessa shahri va viloyatiga uchuvchisiz samolyotlar bilan yirik hujum uyushtirgan edi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan.