Rossiya Odessa va Xarkovga dron hujumi uyushtirdi. Qurbonlar bor
Olam
−
02 mart
7142Bugun, 2 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Odessa va Xarkov viloyatlariga uchuvchisiz samolyotlardan zarbalar berdi. Bu haqda viloyatlar rahbariyatlari o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Odessa viloyati harbiy boshqarmasi rahbari Oleg Kiperning Telegram-kanalida yozishicha, dron hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi, jumladan 3 yashar bola va homilador ayol jarohatlangan. Hujum oqibatida 18 xonadonli ko‘p qavatli uyning kirish qismi vayron bo‘lgan.
Qutqaruv ishlari davom etmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur uyda yashovchi yetti nafar shaxs bilan haligacha aloqa yo‘q.
Odessa meri Gennadiy Truxanovning so‘zlariga ko‘ra, dron hujumi oqibatida ko‘p qavatli turarjoy binolariga zarar yetgan. Bundan tashqari, kommunal tarmoqlar va qozonxona shikastlangan, yaqin atrofdagi uylar isitishdan uzilgan.
"Bu aholi zich joylashgan hudud. Bu shunchaki dahshatli. Voqea joyida qutqaruvchilar va favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Vayronalar tozalanmoqda", deb yozdi Truxanov Telegram-kanalida.
Xarkovda esa kamikadze dronining hujumi oqibatida ikkita mashina “yonib ketgan”, garajlar ham shikastlangan, bir nechta ko‘p qavatli uylarning oynalari singan.
Xarkov viloyatining Velikiy Burluk qishlog‘ida Shahed tipidagi hujumchi dron xususiy turarjoy binosiga borib urilgani oqibatida 76 yoshli erkak halok bo‘lgan, uning uyi ham butunlay vayron bo‘lgan.
Ukraina janubiy mudofaa kuchlari Rossiya Odessa viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri Qora dengizdan uchirilgan sakkizta Shahed-131/136 kamikadze-dronlari bilan hujum qilgani haqida xabar berdi.
“Ushbu uchuvchisiz samolyotlardan yettitasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan”, deyiladi xabarda.
Rossiya tomoni esa Ukrainaga uchuvchisiz samolyotlarning so‘nggi hujumiga hozircha izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 mart kuni kechqurun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga dron hujumi bo‘lgandi.
LiveBarchasi