Rossiya NATO biqinida radiorazvedka ob’ekti qurmoqda – OAV
Olam
−
22 avgust 6225 1 daqiqa
Rossiya NATO chegarasidan atigi 25 kilometr uzoqlikda – Kaliningrad viloyatida ulkan radiodatchik (radiorazvedka) stansiyasi barpo etmoqda. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, “Bild” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish ishlari 2023 yilning mart oyida boshlangan. Xususan, hududdagi o‘rmonda daraxtlar kesilgan, panjara o‘rnatilgan, yo‘llar qurilgan va bino uchun maydon tayyorlangan. “Tochnyi” platformasi ma’lumotiga ko‘ra, bu Chernyaxovsk shahri yaqinida joylashgan halqasimon antennali majmua hisoblanadi.

Suratlarda antenna ustunlari uchun kavlangan chuqurlar va kamida oltita halqa ko‘rinadi. Mutaxassislarning fikricha, bu “halqasimon antennali panjara” bo‘lib, u harbiy radiotexnik razvedka va aloqa uchun xizmat qiladi. Ob’ekt diametri 1600 metrgacha yetishi mumkin, bu odatiy komplekslardan bir necha barobar katta.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, qurilish tugagach, Rossiya NATOning Sharqiy Yevropa va Boltiqbo‘yidagi radiomuloqotlarini tutib olishi hamda Boltiq dengizi va Shimoliy Atlantikadagi suvosti kemalari bilan yanada barqaror aloqa o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Xitoy chegarasiga yaqin hududda mamlakatning eng zamonaviy strategik qurollari joylashtirilgan maxfiy raketa bazasini qurgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi