Toshkentda kafe qo‘riqchilari bilan janjallashgan yigit ko‘p o‘tmay vafot etdi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2019
11894Toshkentda ikki tanishning kafeda ovqatlanib, spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirishi ulardan birining o‘limi bilan yakunlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 28 oktyabr kuni taxminan soat 21:00 da fuqarolar 24 yoshli Bobur Z. va 30 yoshli Murod A. Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Ugolok” kafesida kechgi taom bilan spirtli ichimlik iste’mol qilishgan.
Shu vaqt mobaynida Bobur Z. mastlik bilan bog‘liq xatti-harakatlari bilan 21 yoshli Ahmadjon A. va 22 yoshli Dalerjon M. ismli kafe qo‘riqchilarining e’tiroz bildirishiga sababchi bo‘lgan va o‘rtada nizo kelib chiqqan.
Shundan so‘ng, ular kelishib olish uchun, ya’ni “tortishuvni davom ettirish” maqsadida kafedan tashqariga chiqib, mushtlashishgan. Mushtlashuv oqibatida Bobur Z. yengil tan jarohatlari olib, tanishi Murod A. bilan taksiga chiqqan, biroq hech qancha yurmasdan, o‘rtog‘ining mazasi bo‘lmayotganligi uchun avtomobildan tushgan.
Chilonzor tumaniga qarashli “tez yordam” xodimlari Murod A.ni tasodifan ko‘rib qolib, shifoxonaga olib ketayotgan vaqtda u vafot etgan.
Murod A.ning o‘limi bo‘yicha olingan dastlabki sud tibbiy tashhisiga ko‘ra, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi va spirtli ichimlikdan zaharlanish holatlari aniqlangan va hech qanday tan jarohati alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
Hozirda ushbu holat Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Shu bilan birga, yuqorida sodir etilgan “bezorilik” harakatlari yuzasidan, Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan Ahmadjon A. va Dalerjon M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (Bezorilik ) 2-qismi “b” bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
LiveBarchasi